Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elchi O‘mon sultonligining bosh maqsadini ochiqladi

Elchi O‘mon sultonligining bosh maqsadini ochiqladi

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va elchi Ahmad bin Said al-Kasiriy.

O‘mon sultonligi 2050-yilga borib to‘liq uglerod neytralligiga erishmoqchi. Bu haqda sultonlikning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad bin Said al-Kasiriy 21-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanda gapirdi. O‘mon milliy bayramining 52 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

Diplomatga ko‘ra, o‘tgan yarim asr davomida O‘mon urush va ixtiloflarni tugatish, mintaqa va dunyoda tinchlik-barqarorlik muhitini tiklash yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha chora-tadbirlarni ko‘rib kelmoqda.

«O‘mon cultonligining dunyo davlatlari tomonidan chizilgan ruhiy qiyofasi mohiyatan “tinchlik” g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan. O‘mon haqida gapiradigan har bir kishi, xoh u yuqori martabali siyosatchi bo‘lsin, xoh mutafakkir, ziyoli, jurnalist, hatto oddiy odam bo‘lsin, mamlakat ruhiy qiyofasini ko‘z oldiga keltiradi. Bu – pullik ommaviy axborot vositalarining tez orada yo‘q bo‘lib ketadigan «reklamasi» natijasi emas, balki mavqiflar, siyosiy harakatlar va tarixiy sahifalarda yaratilgan haqiqiy siymodir», – deydi Ahmad bin Said al-Kasiriy.

Ta’kidlanishicha, tinchlikka intilish hozirgi global inqiroz davrida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

«Ikki hafta avval BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish butun dunyo O‘monning bag‘rikenglik, totuv hayot va tinchlikni yoyishdagi rolini e’tirof etishi va bu mubolag‘a emasligini ta’kidladi. Bu – O‘mon cultonligining xalqlar o‘rtasida tinchlik va totuvlik maqsadlariga xizmat qiladigan bag‘rikenglik va o‘zaro kelishuv haqiqatiga asoslangan, balandparvoz ta’riflardan xoli, xolis xalqaro e’tirofdir», – deydi diplomat.

Elchining ta’kidlashicha, mamlakat sulton Haysam bin Toriq janobi oliylari rahbarligida «O‘mon nigohi–2040» dasturi asosida iqtisodiy raqobatbardoshlik va ijtimoiy farovonlikni oshirish, mukammal ta’lim tizimiga tayangan ma’rifatli jamiyat barpo etishga intilmoqda.

Shuningdek, taraqqiyot strategiyasida uglerod neytralligiga erishish, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, tabiiy boyliklardan samarali foydalanish talablari o‘rtasida muvozanatga erishish ham ko‘zda tutilgan.

Elchi O‘zbekiston bilan hamkorlik haqida gapirar ekan, Masqat Toshkent taklif etayotgan do‘stona tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari tomonidan olib borilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi oqilona siyosatga chuqur hurmatimizni izhor etamiz. O‘mon cultonligi ikki do‘st mamlakat xalqi taraqqiyot va yuksalishga erishishi uchun O‘zbekiston bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidlaydi», – dedi u.

Ahmad bin Said al-Kasiriy ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy, madaniy-gumanitar jabhalardagi robitalar mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xususan, 2010 yilda tashkil etilgan «UzOman Capital» investitsiya shirkati aktivlari 230 million AQSh dollaridan oshgani, moliyaviy tuzilma O‘zbekistondagi 19 ta kompaniyaga sarmoya kiritgani ma’lum qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring