Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron O‘zbekiston hukumati va xalqiga minnatdorlik bildirdi

Eron O‘zbekiston hukumati va xalqiga minnatdorlik bildirdi

Фото: Президент матбуот хизмати

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy suv inshootini qurish bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi bilan birgalikda amalga oshirilgan qo‘shma loyihaning ochilish marosimidan qaytayotgan vaqtda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va ularga hamrohlik qiluvchi boshqa rasmiy shaxslar bilan birga aviahalokatga uchrab, halok bo‘lishgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hamdardlik maktubi yo‘llab: «Prezident Ibrohim Raisiy Eronning jadal taraqqiyoti, mamlakat aholisining farovonligi va xalqaro maydondagi nufuzini har tomonlama yuksaltirish yo‘lida beqiyos sa’y-harakatlarni amalga oshirib kelayotgan, Vatanining chinakam fidoyi farzandi, o‘z xalqining cheksiz ehtiromiga sazovor bo‘lgan atoqli davlat hamda siyosat arbobi edi. O‘zbekiston va Eron o‘rtasida keng qamrovli hamkorlikni, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan aziz birodarimizning yorqin xotirasi qalblarimizda doimiy saqlanib qoladi», deya qayd etgandi.

Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi O‘zbekiston hukumati va xalqining hamdardlik bildirgani minnatdorligini bildirdi.

«Eron va O‘zbekiston rahbarlarining so‘nggi qisqa vaqt ichida to‘rt marotaba uchrashganlari ikki o‘rtadagi do‘stlik va birodarlikning yaqqol namunasi bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida ikki rahbar –marhum prezident Ibrohim Raisiy janobi oliylari va muhtaram Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining muvaffaqiyatli davlat boshqaruvi, donishmandligi, samimiyligi va o‘zaro birodar bo‘lganligi hamda ularning o‘zaro manfaatlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida sa’y-harakatlarni amalga oshirganliklarini ko‘rsatadi.

Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari, mamlakat rahbariyatining boshqa vakillari, vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlari hamda O‘zbekiston jamoatchiligi va xalqining turli doiralari vakillari Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasiga shaxsan kelib, hamdardlik daftariga yozuv qoldirganlari va hamdardlik bildirganlari o‘sha ulug‘vor shahidlar ruhlarining shod bo‘lishiga hamda boshiga mana shunday og‘ir kunlar tushib, qayg‘uga botgan Eron xalqining tasalli topishiga sabab bo‘ldi», deyiladi elchixona maktubida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring