YXHT DIIHB missiyasi referendumning dastlabki natijalari bo‘yicha bayonot berdi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) 30 aprel kuni O‘zbekistonda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy referendum uchun cheklangan monitoring missiyasini boshlagandi. Tashkilot dastlabki natijalar va xulosalar bo‘yicha bayonot berdi.
Qayd etilishicha, Markaziy saylov komissiyasi o‘z vakolatlarini samarali amalga oshirdi va qonunda belgilangan muddatlarga amal qildi.
«Yakuniy saylovchilar ro‘yxatiga 19 million 722 ming 809 kishi kiritildi. Ovoz beruvchi fuqarolar o‘zlarining ro‘yxatga olish ma’lumotlarini ham onlayn, ham saylov uchastkalarida shaxsan tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. DIIHB suhbatdoshlarining ko‘pchiligi saylovchilar ro‘yxatining to‘g‘ri va to‘liqligiga shubha qilmasliklarini bildirdilar.
Qonunda mahalla qo‘mitalari va partiya vakillari tomonidan tayinlangan kuzatuvchilar va xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 380 nafar xalqaro kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tdi», deyiladi bayonotda.
DIIHB referendumning borishini tizimli yoki har tomonlama kuzatmaganini, lekin qator saylov uchastkalarida qatnashganini qayd etadi. Unda ovoz berish jarayoni sokin o‘tgani, e’lon qilingan saylovchilarning 84,5 foizi ishtirok etgani aytiladi.
Bayonotda Markaziy saylov komissiyasining ishiga ham to‘xtalgan.
«Hozirgi vaqtda MSK a’zolari soni 21 nafarni tashkil etadi, shu jumladan ularning yetti nafari ayol. Markaziy saylov komissiyasining majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillari va xalqaro kuzatuvchilar muntazam ishtirok etishdi. Majlislar onlayn translyasiya qilindi, bu esa shaffoflikka hissa qo‘shdi. Yig‘ilishlar va kun tartibidagi ma’lumotlar oldindan onlayn tarzda joylashtirildi, qarorlar va materiallar sessiyalardan so‘ng darhol MSK veb-saytida e’lon qilindi. Markaziy saylov komissiyasi veb-saytida referendum materiallari ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan odamlar uchun ham moslab taqdim etildi. Umuman olganda, MSK jarayonni samarali boshqardi va qarorlar qabul qilishning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlariga rioya qildi», deyiladi xulosada.
Bayonotda Toshkent shahridagi 50ta referendum uchastkalarida ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi birinchi marta sinovdan o‘tkazilgani qayd etiladi.
Ma’lumot uchun, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekiston rasmiylarining rasmiy taklifiga javoban Referendumni kuzatish bo‘yicha cheklangan monitoring missiyasini jo‘natdi. Albert Yonsson boshchiligidagi DIIHB missiyasi 27 martdan o‘z ishini boshladi. 10 nafar ekspert poytaxtda, 14 nafar kuzatuvchi hududlarda ish olib bordi.
Missiya referendumning YXHT majburiyatlariga, demokratik saylovlar va referendumlar o‘tkazish sohasidagi boshqa xalqaro majburiyat va standartlarga hamda milliy qonunchilikka muvofiqligini baholadi.
Qayd etilishicha, referendum jarayoni yakunlanganidan bir necha oy o‘tgach, DIIHB qator tavsiyalarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli yakuniy hisobotni e’lon qiladi.
Kuzatuvchilar referendumni kuzatish taklifi uchun hukumatga, shuningdek, ko‘rsatgan yordami uchun Markaziy saylov komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligiga o‘z minnatdorchiligini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter