Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Institutni O‘zbekistonda joylashtirishga tayyormiz» —  Shavkat Mirziyoyev

«Institutni O‘zbekistonda joylashtirishga tayyormiz» —  Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda holatlar sabablarini chuqur o‘rganish hamda ofat oqibatlarini samarali bartaraf etish maqsadida Qo‘shilmaslik harakatining maxsus monitoring va ilmiy tadqiqot tarmog‘ini tashkil qilishni taklif etdi. Bu haqda davlatimiz rahbari Qo‘shilmaslik harakati Muloqot guruhi sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.

«Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish bilan bir qatorda, iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialarning ayanchli oqibatlarini ham o‘z boshidan o‘tkazmoqda.

Bu muammolarning ko‘lami tobora kengayib, ular nafaqat ayrim davlatlar, balki butun bir mintaqalarning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy xavf solmoqda.

Albatta, bunday qiyin va murakkab sinovlarni faqatgina birgalikda, bir-birimizni yaqindan qo‘llab-quvvatlagan holda yenga olamiz.

Shu ma’noda, O‘zbekiston 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Senday hadli dasturining asosiy maqsadlariga erishish bo‘yicha Global platforma faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdoridir.

Bu kabi favqulodda holatlar sabablarini chuqur o‘rganish hamda ofat oqibatlarini samarali bartaraf etish maqsadida Qo‘shilmaslik harakatining maxsus monitoring va ilmiy tadqiqot tarmog‘ini tashkil qilishni taklif etaman.

Bu institutni O‘zbekistonda joylashtirishga tayyormiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari pandemiyadan keyingi davrda geosiyosiy va mafkuraviy ziddiyatlar kuchayib, ularning ta’sirida jahonning turli nuqtalarida yangi notinchlik o‘choqlari paydo bo‘layotgani barchani jiddiy tashvishga solayotganini qayd etdi.

«Bundan tashqari, Yaqin Sharq mintaqasi va Afg‘onistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global yechimi hanuzgacha topilgani yo‘q...

Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish jarayonida, Xavfsizlik Kengashi tarkibida kelgusida Qo‘shilmaslik harakati a’zolarining doimiy o‘rni bo‘lishi kerak.

Shu o‘rinda afg‘on masalasi bo‘yicha algoritmni kelishish uchun BMT huzurida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzishga doir O‘zbekiston taklifini qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb ishonaman», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev global kun tartibidagi yana bir muhim – davom etayotgan va yakuni hali ko‘rinmayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatish masalasiga ham to‘xtaldi.

«Barchamiz jahon savdo aloqalari zaiflashuvi, sanoat va logistika zanjirlari uzilishining salbiy ta’sirini yaqindan bevosita his qilayapmiz.

Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, suv va energetika resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani mamlakatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy tizimlari uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda.

Ming afsuski, bunday qiyin vaziyatda eng katta og‘irlik va salbiy ta’sir, avvalo, aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushmoqda.

Shuni ta’kidlamoqchimanki, bugungi sammit kabi nufuzli anjumanlar birinchi navbatda o‘zaro amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlar va yirik loyihalarni ilgari surish uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochib berishi lozim.

Bu xayrli rejani amalga oshirish maqsadida, Tashkilotimiz sammitlari arafasida Qo‘shilmaslik harakati Iqtisodiy forumini muntazam o‘tkazib borishni taklif etaman...

Pandemiyaning salbiy ta’sirini, birinchi galda, o‘sib kelayotgan yoshlarimiz his qilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Ularning sifatli ta’lim va professional bilim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari keskin kamaymoqda.

Eng yomoni, yosh avlodning kelgusida hayotda o‘z munosib o‘rnini topishiga bo‘lgan ishonchi va qat’iyati susaymoqda», dedi O‘zbekiston prezidenti.

Bu borada siyosat va rejalarini uyg‘unlashtirish, to‘plangan tajribalar bilan o‘rtoqlashish maqsadida Harakat Yoshlar tarmog‘ining «Cheksiz imkoniyatlar sammiti»ni kelgusi yil jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan ko‘hna Samarqandda tashkil etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring