Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jizzax shahrini kengaytirish bo‘yicha rejalar ma’lum qilindi

Jizzax shahrini kengaytirish bo‘yicha rejalar ma’lum qilindi

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Jizzaxda saylovchilar bilan uchrashmoqda. Amaldagi davlat rahbari shaharni kengaytirish bo‘yicha rejalarni ma’lum qildi.

— Jizzax shahri aholisi bugungi kunda 180 mingdan oshib, kelgusi besh yilda 230 mingga yetishi kutilmoqda. Lekin shaharning infratuzilmasi 50 yil ichida ancha eskirib, hali ham 50 ming aholiga mo‘ljallangan desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Shu bois, shaharning qiyofasini, infratuzilmasini tubdan yaxshilash, aholi va tadbirkorlar uchun munosib sharoit yaratish bo‘yicha, alohida dasturni amalga oshiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax shahrida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

  • 10 ming xonadonga mo‘ljallangan, barcha ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmaga ega, «Yangi O‘zbekiston shaharchasi» va kichik sanoat zonasi barpo etiladi;
  • mavjud 34 ta mahallaga 70 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 534 ta ko‘p qavatli eski uylarning barchasi ta’mirlanadi;
  • ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha 80 million dollarlik loyiha yakunlanib, markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 100 foizga, oqova suv xizmatlari – 90 foizga yetkaziladi (hozirda 40 foiz);
  • shaharning issiqlik ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham, maxsus dastur amalga oshiriladi;
  • Temiryo‘lchilar ko‘chasida 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich qurilib, temiryo‘l kesishmalaridagi transport tirbandligi bilan bog‘liq masala uzil-kesil hal etiladi;
  • 50 gektar maydonda «Yangi O‘zbekiston bog‘i», 25 gektarda «yashil maydonlar» barpo etiladi, shaharda yiliga kamida 100 ming tup mevali va manzarali daraxtlar ekiladi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring