Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mariya Zaxarova O‘zbekistondan kechirim so‘rasin!

Mariya Zaxarova O‘zbekistondan kechirim so‘rasin!

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarovaning chiqishiga munosabat bildirdi va uning kechirim so‘rashini talab qildi.

«Bu nimasi?! Rossiya tashqi Ishlar vazirligi vakili Zaxarova Toshkent maktablaridan biridagi voqea bo‘yicha tushuntirish so‘rabdi.

Bu hayot, gohida tushunmovchiliklar oqibatida ayrim shaxslar o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin. Qonun bor, tartib-intizom bor. Kerakli choralar albatta ko‘riladi. O‘zbekiston o‘zining muammolarini o‘zi hal qiladi. Aybdor jazosini oladi. Bu alohida masala.

Meni hayron qoldirgani, maktab O‘zbekistonda, o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham O‘zbekiston fuqarosi. Nega mustaqil bir davlatda bo‘lgan bir holat uchun Moskvaga tushuntirish berilishi kerak?!

Nima, ular haligacha O‘zbekistonni ham o‘zining guberniyasi deb hisoblamoqdami yo andishaning otini qo‘rqoq deb o‘ylashyaptimi? Bir necha rasmiy, norasmiy shaxslari suverenitetimizni shubhaga oldi, tariximizni kamsitdi, vazmin munosabat bildirdik. Migrantlarni bilgan ko‘yiga solyapti. Indamagan sayin borgan sari haddidan oshishyapti.

Bu O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish va xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi ekani ochiq oydin ko‘rinib turibdiku!

Mariya Zaxarova bu gaplari uchun O‘zbekistondan kechirim so‘rasin! Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunday hurmatsizlik uchun tushuntirish bersin!», qayd etdi Minhojiddin Mirzo.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova 25 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent shahar Chilonzor tumani 188-maktabda kuzatilgan holat yuzasidan O‘zbekiston tomonidan «rasmiy tushuntirish» so‘raganini ma’lum qilgandi.

«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov rus diplomatining ushbu chiqishiga munosabatini bildirib, O‘zbekistonning «ichki ishlari haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishlari»ni tavsiya qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring