Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyev Xitoy va Hindiston moliya vazirlarini qabul qildi

Mirziyoyev Xitoy va Hindiston moliya vazirlarini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Samarqand shahrida o‘tayotgan OIIB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy moliya vaziri Lan Foanni qabul qildi.

Xitoy moliya vaziri davlatimiz rahbariga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan sheriklikni mustahkamlash, ustuvor investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev OIIB Boshqaruvchilar kengashining to‘qqizinchi yig‘ilishi doirasida Hindiston Respublikasi moliya va korporativ ishlar vaziri Nirmala Sitxaraman boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Nirmala Sitxaraman davlatimiz rahbariga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yil noyabr oyida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda o‘tkazish hamda uning doirasida Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Energetika, neft-kimyo, raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sohalarida loyihalarni amalga oshirish, transport yo‘laklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring