O‘zbekiston elchisi Malayziya podshohiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Karomiddin Gadoyev bugun Malayziya Podshohi Sulton Ibrohimga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda Dunyo agentligi xabar berdi.
«Istana Negara» saroyida bo‘lib o‘tgan marosimdan so‘ng kechgan muloqot davomida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Malayziya Podshohi O‘zbekiston Prezidentiga yuksak hurmat va samimiy tilaklarini bildirdi. O‘zbekiston xalqiga fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va farovonlik tiladi.
Malayziyada O‘zbekiston ishonchli qardosh davlat sifatida ko‘rilishi hamda respublika bilan bugungi iliq va do‘stona munosabatlar yuksak qadrlanishi bildirildi.
Ikki mamlakatni tarixiy rishtalar, mushtarak din, ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turishi ta’kidlandi. So‘nggi yillarda oliy va yuqori darajadagi muloqot jadallashib borayotgani ijobiy baholandi. Kelgusida ikki tomonlama munosabatlarning barcha sohalarda yanada kengayishiga umid bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Karomidin Gadoyev 30 noyabr kuni Kuala-Lumpurga tashrif buyurdi. Bunga qadar u TIVning BMT va boshqa xalqaro siyosiy tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter