O‘zbekiston Prezidenti «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni bilan taqdirlandi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va qardosh turkman xalqiga yuksak davlat mukofoti uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
«Ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga alohida e’tibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning e’tirofi sifatida qabul qilaman», — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Boy tarixiy tajriba, qardoshlik va o‘zaro hurmat an’analariga asoslangan O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalar amalga oshirildi, o‘zaro savdo hajmi va kooperatsiya ko‘lami keskin oshdi.
O‘zbekiston yetakchisi Arqadag‘ va mintaqaning barcha davlatlari rahbarlari Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishga ulkan hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi. Bugun butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va o‘zlikning yangi modelini barpo etishdagi umumiy muvaffaqiyatlarimizni e’tirof etayotgani ta’kidlandi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari yuksak mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, qardosh turkman xalqini shu kunlarda o‘tayotgan BMT konferensiyasi bilan tabrikladi hamda joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasidagi global sammit muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
Ma’lumot uchun, «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni 2017 yil 30 sentyabrda ta’sis etilgan. Mukofot xorijiy davlatlarning taniqli davlat va jamoat arboblariga xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari, shuningdek, Turkmanistonning xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi.
Bugungi kunga qadar 4 xorijiy davlat arbobi ushbu orden bilan taqdirlangan. Ular orasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin (2017 yil 1 oktyabr) va Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an (2021 yil 29 noyabr), Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko (2022 yil 12 may) va Ozarbayjon Milliy Majlisi raisi Sohiba Gafarova (2022 yil 8 dekabr) bor.
Shuni ham ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidenti boshqa xorijiy davlatlarning nufuzli medal va ordenlari bilan ham taqdirlangan. Jumladan, Qirg‘iziston Respublikasining «Danaker» ordeni (2017 yil 22 noyabr) Qozog‘iston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni (2018 yil 14 mart), Rossiya Federatsiyasining «Aleksandr Nevskiy» ordeni (2022 yil 15 sentyabr) Fransiya Respublikasining «Faxriy legion» ordeni (2025 yil 13 mart).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter