Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Rossiyaning Nijniy Novgorod va Omsk viloyatlari, Boshqirdiston va Krasnoyarsk o‘lkasi rahbarlari ham ishtirok etdilar.

Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar natijalariga ko‘ra erishilgan kelishuvlarni qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Savdo hajmi barqaror o‘sib borayotgani, sanoat, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, jumladan, sanoat zonalari doirasidagi kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar va biznes darajasida faol hamkorlik aloqalarini davom ettirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, 3-dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishi va ishbilarmonlik tadbirlarining natijalari yuqori baholandi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida Rossiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari Prezidentimizga axborot texnologiyalari, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni taqdimot qildilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring