O‘zbekiston Rossiyaga nota yubordi

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi mamlakatimiz fuqarolarining kaltaklanishi yuzasidan Rossiya vakolatli idoralariga nota yubordi. Bu haqda O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli Yusuf Qobuljonov ma’lum qildi.
“Holat aniqlangan zahoti O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi xodimlari tashabbusi bilan jabrlangan fuqarolarimiz bilan tezkor aloqa o‘rnatilib, ularga zarur huquqiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, fuqarolarimiz tomonidan Vladivostok shahri ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza topshirildi hamda Rossiya tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi vakolatxonasiga va Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga mazkur masala yuzasidan barcha tegishli choralarni ko‘rish zarurligi haqida notalar yuborildi”, – deb yozdi bosh konsul.
Hodisa O‘zbekistonning bosh konsulxonasi va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingani ta’kidlangan.
Gap shundaki, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda vladivostoklik mahalliy yoshlar O‘zbekiston fuqarolarini kaltaklagani va tahqirlagani aks etgan video tarqalgan edi.
“Novaya gazeta” nashri o‘zbekistonliklarga hujum qilgan yoshlarni “millatchilar” deb atagan.
Rossiya matbuotining xabar qilishicha, Primore o‘lkasi Tergov qo‘mitasi Vladivostokda O‘zbekiston fuqarolari kaltaklangani va haqorat qilingani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Qayd etilishicha, Xabarovsk ko‘chasida 10 sentyabrga o‘tar kechasi yuz bergan bezorilik harakatlarida gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 213-moddasi (bezorilik) bilan ish ochilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, mast holatda bo‘lgan o‘smirlar to‘xtab turgan avtomobilga hech qanday sababsiz shikast yetkazgan, yo‘lovchilarga hujum uyushtirgan.
Tergov idorasi gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlanib, ulardan biri qo‘lga olingani, ikki nafari esa qidirilayotganini ma’lum qilgan.
Jamoat faoli va sobiq deputat Rasul Kusherboyev “Ularning aybi – markaziy osiyolik migrantlar bo‘lishgani”, deb hisoblaydi.
“Bildirilishicha, migrant sifatida Rossiya ichki ishlariga murojaat qilish befoyda va qo‘rqinchli”, – deb yozdi R.Kusherboyev holat yuzasidan taassuf bildirar ekan.
Tahlilchi Muhammadqodir Sobirovning fikricha, Rossiyada borgan sari o‘zbeklarga nafrat oshishi sabab bu – Vladimir Putin hukumati targ‘iboti natijasidir.
“Xalqni chalg‘itish, barcha muammolarga aybdor qilib ko‘rsatish uchun migrantlar nishonga olindi. Ukrainada sharmanda bo‘lib, butun dunyoda yakkalangan xalqning agressiyasini chiqarishga bir ermak kerak edi. Va bu ermak, afsuski, markaziy osiyolik migrantlar bo‘lyapti. Vladivostokda 2010 yilda tug‘ilgan, ona suti og‘zidan ketmagan bolalarning o‘zbek migrantini kaltaklashi, bu Putinning ilk zombilari yetishib chiqqanini ko‘rsatadi... Bu arzandalar qayerdan “dux” topdi? Chunki ular OMON migrantlarni ayamay urganini deyarli har hafta ko‘radi. TV va ijtimoiy tarmoqlarda migrantlar Rossiyaga qanchalik zarar keltirayotganini eshitadi. Migrantlarni haqorat qilib, kaltaklab, lekin hech qanday jazo olmagan vatandoshlarini ko‘radi”, – deya mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan Muhammadqodir Sobirov.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi sentyabr oyi boshida Moskva viloyatining Ximki shahrida o‘zbekistonlik taksi haydovchisi haqorat qilingani, jumladan, “Sen ruslarning qulisan!” deb tahqirlangani yuzasidan ham Rossiya tomoniga nota jo‘natgandi.
“O‘zbekiston fuqarolari dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lishidan qat’i nazar, davlatimiz himoyasida hisoblanadi. Agar huquq va erkinliklaringiz, qonuniy manfaatlaringiz yoki sha’ningiz xorijda buzilsa, darhol o‘sha mamlakatning vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, shuningdek, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, – degan edi TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov o‘shanda.
Hozircha mazkur nota natijasi yuzasidan ma’lumot berilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter