O‘zbekiston, Turkiya va Pokiston harbiylarining maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotlari yakunlandi (foto)

26-aprel kuni Jizzax viloyatidagi «Forish» poligonida O‘zbekiston, Turkiya va Pokiston qo‘shinlari bo‘linmalari o‘rtasida «Hamdo‘stlik qalqoni–2019» maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotlarining yakuniy bosqichi o‘tkazildi, deya xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Mashg‘ulotlarni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Shuhrat Ikramov, Turkiya hamda Pokistonning O‘zbekistondagi harbiy attashelari Mustafa Baloglu va Imron Orif, mas’ul ofitserlar va OAV vakillari bevosita kuzatib bordi.
Amaliy harakatlar davomida maxsus qo‘shma amaliyot kuchlari bo‘linmalari tomonidan tog‘li hududda shartli noqonuniy qurolli guruhni razvedka qilish, bloklash va yo‘q qilish, vertolyot aviatsiyasi yordamida yo‘q qilish bo‘yicha vazifalar bajarildi. Mashg‘ulotga Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga tegishli ikkita Mi-24 vertolyotlari ham jalb etildi.

Shuningdek, har uchchala davlat harbiylari tomonidan ekstremal sharoitlarda yashovchanlikni ta’minlashda qo‘l keladigan sodda va unumli mexanizmnamunalari ko‘rsatib berildi.
Tog‘ tayyorgarligi ilmlarini taqozo etadigan sinovlar chog‘ida uch guruhda, uchta o‘quv joyida hamkorlikda shartli ravishda noqonuniy qurollangan kuchlarga qarshi harakatlar chizmasi, taktik harakatlarning ketma-ketligi, cho‘qqilarni zabt etish va qo‘qqisdan zarba berish, o‘zaro aloqa uchun signallar o‘rnatish kabi topshiriqlar bajarildi.
Maxsus taktik mashqlar natijalariga ko‘ra, Turkiya, Pokiston va O‘zbekiston qurolli kuchlarining maxsus qo‘shma amaliyot kuchlari bo‘linmalariga yuklangan vazifalar muvaffaqiyatli bajarildi.

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter