O‘zbekiston–YI: tahdidlarga javob, strategik ittifoq va «yashil chiroq»
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning ko‘p vektorli tashqi siyosatida salmoqli o‘rin tutadi. Buni o‘zaro robitalarning tobora mustahkamlanayotgani, savdo almashuvi muttasil o‘sayotgani, rasmiy tashriflar soni ko‘payayotgani va qo‘shma loyihalar ko‘lami kengayib borayotgani ham tasdiqlaydi. Quyida poyoniga yetayotgan 2023 yilda ro‘y bergan Bryussel va Toshkent munosabatlariga doir eng muhim 5 hodisa sanab o‘tiladi.
I. Tashrif va uchrashuvlarga boy yil
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi doirasida 18 sentyabr kuni Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashdi. Muzokarada ikki tomonlama munosabatlarda g‘oyat yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sh.Mirziyoyev Sh.Mishel bilan iyun oyida Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi mashvarati doirasida ham uchrashgan edi. Mashvarat yakunidagi bayonotda ikki mintaqa eski va yangi tahdidlarga qarshi kurash yo‘lida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashi lozimligi ta’kidlangan.
May oyida Yevropa komissiyasi ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Aprel oyida YeIning inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Imon Gilmor va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala yurtimizda mehmon bo‘ldi.
YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O‘Sallivan esa yil davomida ikki marta O‘zbekistonga keldi.
Yil so‘ngida Yevropa tashqi faoliyat xizmati Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Lyuk Devin hamraisligidagi yig‘ilishda hamkorlik istiqbollari yana bir karra sarhisob qilindi.
II. 500 million nufusli bozorga «yashil chiroq»
22 noyabr kuni YeI Preferensiyalarning bosh tizimi plyus («GSP+») amaldagi muddatini kelgusi to‘rt yilga, ya’ni 2027 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
500 milliondan ortiq aholiga ega YeI dunyodagi eng yirik bozorlardan biridir. Masalan, Yevropa to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining bozori – 98 milliard, charm-poyabzal buyumlari – 24 milliard, qishloq xo‘jaligi sanoati – 24 milliard dollarni tashkil etadi.
O‘zbekiston 2021 yil aprel oyidan GSP+ tizimiga a’zo bo‘lgan. Shu tariqa mamlakatimiz Yevropa bozoriga 6200 dan ortiq tovar pozitsiyalarini bojsiz eksport qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Joriy yilning 10 oyida O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 foizga o‘sdi va 4,8 milliard dollarni tashkil etdi. Mazkur raqamlarni yanada oshirish imkoniyati mavjud.
III. Geosiyosiy tahdidlarga javob
Joriy yilning so‘nggi choragida YeIning Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish (BOMCA) va Markaziy Osiyoda giyohvandlik moddalari tarqalishining oldini olish bo‘yicha (CADAP) dasturlari amalga tatbiq etila boshlaganiga 20 yil to‘ldi.
«So‘nggi yigirma yil mobaynida mazkur tashabbuslar ular amalga oshirilayotgan hududlardagi barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlab, hamkorlikni mustahkamlashda muhim rolni o‘ynadi. Eng asosiysi, YeI tomonidan moliyalashtirilayotgan mazkur dasturlar Markaziy Osiyoda islohotlarni va mintaqaviy hamkorlikni olg‘a siljishida muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda», – deydi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.
BOMCA dasturi mintaqa davlatlari o‘rtasida chegaralar boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Bryussel mazkur dastur orqali mintaqa chegara xavfsizligi uchun 60 million yevrodan ziyod sarmoya kiritdi.
CADAP dasturi esa mintaqada giyohvandlik moddalariga qarshi siyosatni takomillashtirishga tizimli ravishda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.
Tahlilchilar Yevropa hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bugun duch kelgan geosiyosiy tahdidlar sharoitida mazkur dasturlarning ahamiyati yanada oshganini qayd etmoqda.
IV. Muhim xomashyolar yo‘nalishida strategik ittifoq
Oktyabr oyida O‘zbekiston hamda YeI o‘rtasida qishloq xo‘jaligida loyiha amalga oshirish bo‘yicha moliyaviy bitim imzolandi. Tomonlar, shuningdek, muhim xomashyolar yo‘nalishida strategik ittifoq tuzishga kirishgan.
O‘zbekiston Muhim xomashyolar klubiga (CRM Club) qo‘shilish istagini tasdiqlagan. Mis, litiy, alyuminiy, titan, platina, grafit, nikel, kobalt va boshqa ma’danlar YeI uchun qimmatli ahamiyatga ega xomashyolar sanaladi.
Yevropa komissiyasining «Global Gateway Forum» saytida O‘zbekiston, xususan, kumush, titan, litiy, uran, mis kabi ma’danlarga boy ekani, bu esa mamlakatni xomashyo bozorida muhim ishtirokchiga aylantirishi ta’kidlangan.
Oktyabr oyida Lyuksemburg mezbonligida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo 19-vazirlar yig‘ilishi ham o‘tkazildi. E’tiborga molik jihati, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari hamda YeIning 27 davlati vakillari ilk bor bir davrada jam bo‘lishdi. Tadbir yakunida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan yo‘l xaritasi ma’qullandi.
V. Kelajakka tikilgan eng ishonchli sarmoya
An’anaga ko‘ra, bu yil ham bir guruh o‘zbekistonlik iqtidorli talabalarga Erasmus Mundus stipendiyalari taqdim etildi.
G‘oliblar Belgiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Fransiya, Finlyandiya kabi davlatlarning nufuzli universitetlarida ta’lim olish imkonini qo‘lga kiritdi.
Erasmus Mundus – iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan YeI dasturidir. Qo‘shma magistrlik tahsili doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi.
2014–2020 yillarda ta’lim dasturi budjeti 14,7 milliard yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2021–2027 yillarda ushbu maqsadda 26,2 milliard yevro sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter