Prezident topshirig‘i 10 kunga qolmay bajarildi: Moliya vazirligida bir kunda 50 kishi ishdan bo‘shatildi

O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi
Shu yilning 22-dekabr kuni Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga murojaatnoma yo‘llagan, videokonferensaloqa rejimida o‘tgan mazkur yig‘ilishda moliya vazirligi faoliyatini qattiq tanqid qilgan edi.
— Men nima uchun 15-20 yildan beri ishlayotgan moliyaning «m» harfini tushunmaydigan odamlarini haydab yubordim? Oldin har bir odamni boy qilaylik, keyin o‘zi to‘laydi solig‘ini, — degan edi O‘zbekiston rahbari. — Yana o‘sha gap. U bechoralarni oldin talon-toroj qilib, keyin qanday soliq to‘laydi? Endi-endi odamlar o‘zgaryapti, endi-endi ishonyapti. Aqlli Moliya vaziri bo‘lsang, o‘yla, noinsof, atrofingdagilarni hammasini haydavor. Qo‘chqorov shu yerdami? Men sizlarning oldingizda aytyapman, agar bir oy ichida o‘zgarish qilmasa, ishdan olaman. Menga bunaqa moliya kerak emas. Moliyada o‘tirganlarning hammasini haydaydi. Bitta Ostragorskiy degan noinsofni haydaganman, haliyam uning hidi kelib turibdi. Tashqaridagi bir-ikkitasi ishlayapti. Menga Vatanni sevadigan, o‘zbek davlatining, O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaroning ertangi kuniga befarq bo‘lmagan moliyaning boshlig‘i kerak!
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga ham bir necha muhim vazifalar topshirgan, jumladan, eskicha fikrlaydigan odamlar hamon tizimda mavjud ekani va ularni «kalamushlar» deb atagandi. Davlat rahbari moliya vaziriga tezroq ulardan xalos bo‘lish lozimligini ta’kidlagan va buning uchun unga 10 kun muhlat bergan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Prezident topshirig‘ining ijrosi o‘zini ko‘p kuttirib qo‘ymagan. Yig‘ilishning ertasigayoq, ya’ni 23-dekabr kuni Moliya vazirligining kamida 50 kishi ishdan olingan. Bu haqda «Kun.uz» sayti xabar bermoqda.
Xabarda yozilishicha, ishdan bo‘shatilganlar orasida Irina Golisheva (Soliq va bojxona tarif-siyosati boshqarmasi boshlig‘i), Sh.Haydarov (Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi boshlig‘i) hamda A.Abdullayev (Sanoatning bazaviy tarmoqlari, yoqilg‘i-energetika majmui va geologiyani rivojlantirish moliyasi va tarifni tartibga solish bosh boshqarmasi boshlig‘i) bor. Shuningdek, ikki nafar boshqarma boshliqlari o‘rinbosarlari ishdan olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter