Prezident To‘qayev yangi elchiga O‘zbekiston bo‘yicha topshiriqlar berdi

Bugun, 5 noyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatning O‘zbekistondagi yangi elchisi sifatida tayinlangan Beybuta Atamqulovni qabul qildi.
Oqo‘rda matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat chog‘i prezident Q.To‘qayev O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, ikki mamlakatning yaxshi qo‘shnichilik robitalarini mustahkamlash muhimligi haqida gapirgan.
Qozog‘iston yetakchisi avvalroq oliy darajada erishilgan kelishuvlarning hayotga samarali tatbiq etilishi masalasiga ham e’tibor qaratgan.
Q.To‘qayev diplomatga ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan aniq topshiriqlar bergan.
Avval xabar berganimizdek, Beybut Atamqulov joriy yil 31 oktyabr kuni Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi.
58 yoshli B.Atamqulov uzoq yillar diplomat sifatida faoliyat yuritgan, jumladan, Qozog‘istonning Rossiya, Eron, Germaniyadagi diplomatik vakolatxonalarida mas’ul vazifalarda ishlagan, Malayziya, Indoneziya, Bruney va Filippinda elchilik qilgan. U, shuningdek, Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi (2015), mudofaa va aerokosmik sanoat vaziri (2016-2018), tashqi ishlar vaziri (2018-2019), sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri (2019-2022) kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas