Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Toshkentdagi 2 ta majmuani borib ko‘rdi

Prezident Toshkentdagi 2 ta majmuani borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 yanvar kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.

Ulardan biri Yunusobod tumani, Shahrisabz va Amir Temur shoh ko‘chalari kesishmasi yonida qurilayotgan Tashkent Central Park majmuasidir. Ushbu investitsiya loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 dekabrdagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Majmua uchta 15 qavatli binodan tashkil topadi. Ularda besh yulduzli mehmonxona, biznes ofislar, konferensiya zali, savdo shoxobchalari, restoranlar bo‘ladi. Atrofda landshaft dizaynli bog‘, yer ostida ikki qavatli avtoturargoh barpo etiladi.

Bugungi kunda binolarning asosi tiklangan. Majmua 2023 yilda qurib bitkazilishi mo‘ljallangan. Davlat rahbari qurilish ishlarini jadallashtirish, kelgusida xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Olmazor ko‘chasida barpo etilayotgan Tashkent city mall majmuasini ham borib ko‘rdi. Bu yerda 29 qavatli mehmonxona, 30 qavatli biznes markazi, 4 qavatli savdo-ko‘ngilochar shoxobchalar binosi bo‘ladi. Ularning qurilishi jadal davom etmoqda va 2023 yilgacha ishga tushirilishi kutilmoqda.

Shu yerda qurilish tashabbuskorlari va investorlar bilan qisqa muloqot bo‘ldi. Majmua mintaqamizdagi eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lishi, unda va turdosh sohalarda 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi, yaratilgan imkoniyatlar kichik va o‘rta biznes rivojiga kuchli sur’at bag‘ishlashi ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring