Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi tafsilotlari

Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi tafsilotlari

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev o‘rtasida Ko‘ksaroy qarorgohida tor doirada uchrashuv bo‘lib o‘tgani haqida ozar nashrlariga asoslanib xabar bergandik. Ushbu uchrashuv tafsilotlarini O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ochiqladi.

Unga ko‘ra, davlat rahbarlari O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.

2021-yil sentyabr oyida Ozarbayjonda mamlakatimiz avtomobillarini yig‘ish korxonasining ishga tushirilgani muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalardan biri bo‘ldi. Tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes forumida umumiy qiymati yarim milliard dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat hududida neft-gaz, gaz-kimyo, to‘qimachilik, farmatsevtika, vinochilik va oziq-ovqat tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi istiqbollarini muhokama qildilar.

Transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Transport yo‘laklarini rivojlantirish, yuk tashish tariflarini maqbullashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, birgalikdagi ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarni o‘tkazish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish muhim ekanini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan ham fikr almashib, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring