Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sindao shahrida Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi qardosh va qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik barqaror bo‘lishidan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Joriy yil Toshkentda o‘tgan konferensiyadan keyin butun dunyoda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha katta harakatlar boshlangani mamnuniyat bag‘ishlaydi. Barcha tushunyaptiki, buning yakkayu yagona yo‘li muloqot. Ushbu uchrashuvimiz shu borada fikr almashish, mamlakatlarimiz uchun muhim masalalarni muhokama qilish uchun ayni muddaodir, dedi davlatimiz rahbari.

Ashraf G‘ani ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot keyingi paytlarda jadal faollashganini qayd etdi.

«O‘zbekistonga tashrifim doirasida erishilgan kelishuvlar tez sur’atlarda amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Afg‘oniston masalasi bo‘yicha yirik anjuman o‘tkazganingiz uchun xalqimiz va hukumatimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Bu masalaga shaxsan e’tiboringiz siyosiy yechiimlarga yo‘l ochdi», dedi Afg‘oniston Prezidenti.

Mamlakatimiz Afg‘onistonda muhim iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. 2002-yildan buyon Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Surxon – Puli – Xumri yangi elektr tarmog‘ining ishga tushirilishi natijasida bu quvvat yanada ortadi.

Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘lini Hirotgacha davom ettirish yana bir istiqbolli loyihadir. Bu Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash uchun katta hissa qo‘shib, mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi.

Gumanitar aloqalar ham jonlandi. Shu yilning yanvar oyida Termiz shahrida Afg‘on fuqarolariga ta’lim berish markazi ish boshladi. Hozirgi kunda bu maskanda 100 nafarga yaqin afg‘onistonlik yigit-qizlar ta’lim olmoqda.

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring