Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad bilan uchrashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Jahonning bosh xalqaro tashkiloti delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbari Olga Algayerova va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana ham ishtirok etdi.

Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida BMTning institut va markazlari bilan ko‘p qirrali va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Delegatsiya rahbari O‘zbekiston yetakchisiga tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Ta’kidlanganidek, BMT davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik siyosatni, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan hamda 2030-yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasidagi global kun tartibining asosiy vazifalariga to‘liq mos bo‘lgan tub islohotlar dasturini yuksak baholaydi.

Bugungi kunda O‘zbekiston BMTning barcha tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilmoqda – birgalikda turli yo‘nalishlarda 200 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosidir.

Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkilot Bosh Assambleyasining qator muhim maxsus rezolyusiyalari qabul qilindi. Bundan tashqari, ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha BMT Trast fondi tashkil etildi.

BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNESKO, YUNIDO, FAO, global tashkilotning boshqa tuzilmalari bilan samarali amaliy hamkorlik kengaymoqda.

Uchrashuvda faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanishning, eng avvalo, aholi turmush sifatini yaxshilash va farovonligini yuksaltirishga qaratilgan asosiy maqsadlari ijrosini ta’minlash uchun hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida keng ko‘lamli islohotlarni ilgari surish, gender tenglik bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish, «yashil» energetikani jadal rivojlantirish, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa  masalalar yana bir bor sheriklikning ustuvor sohalari sifatida qayd etildi.

Xalqaro siyosat masalalari va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda ulkan muvaffaqiyatlarga erishganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekistonning Afg‘onistonda bardavom tinchlikni ta’minlashga hamda ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga, shu jumladan yirik transport va energetika loyihalarini ilgari surish orqali ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti institut va tuzilmalari bilan keng ko‘lamli hamkorligini qabul qilingan «yo‘l xarita»lari asosida yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring