Shavkat Mirziyoyev «O‘zavtosanoat»da 17 ta loyiha yetarli darajada bajarilmaganini tanqid qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 21-fevral kuni import hajmini qisqartirish va mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish ishlarini tahlil qilish, bu boradagi eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi ijrosini chuqur tahlil qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy baholadi. 2017-yilda 948 ta mahalliylashtirish loyihasidan 176 tasi bo‘yicha ishlab chiqarish boshlanmagani, 218 tasi bo‘yicha esa ishlab chiqarish prognozi bajarilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 77 ta loyihasi bo‘yicha 206 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan. «O‘zbekoziqovqatxolding»da 12 ta, «O‘zavtosanoat»da 17 ta, Toshkent shahrida 65 ta, Toshkent viloyatida 65 ta loyiha yetarli darajada bajarilmagan.
Importni 1 milliard 81 milllion dollarga qisqartirish rejasi 88 foizga bajarilgani tanqidiy tahlil qilindi.
Yig‘ilishda bir qator xo‘jalik birlashmalari tomonidan o‘z faoliyatiga mos bo‘lmagan yoki mamlakatimizda ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan tovarlarni import qilish holatlari kamayish o‘rniga ko‘payayotgani qayd etildi. 2017 yilda 185 million dollarlik, joriy yil yanvar oyida esa 65 million dollarlik shunday mahsulotlar import qilingan.
— Tarmoqlar uchun zarur uskunalar va tez ishdan chiquvchi butlovchi qismlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil qilish to‘g‘risida 10-15 yildan buyon gapiramiz. Lekin, tashabbus va amaliy harakat yo‘q. Bir qator soha rahbarlari mahalliylashtirishni o‘ylamayapti, zarur mahsulotni osongina chetdan olib kelib qo‘yayapti. Bunga hozirgi raqobat sharoitida mashaqqat bilan topilayotgan, iqtisodiyotning asosi bo‘lgan valyuta mablag‘lari sarf bo‘lib ketmoqda, — dedi davlat rahbari.
Mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari stavkalarini optimallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter