Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Sardobaga keldi

Shavkat Mirziyoyev Sardobaga keldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni Sirdaryo viloyatiga keldi.

Ma’lumki, joriy yil 1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi o‘pirilib, yondosh tumanlardagi mahallalar va dalalarni suv bosgan edi. Davlatimiz rahbari zudlik bilan hodisa yuz bergan joyga yetib borib, vaziyatni barqarorlashtirish ishlariga shaxsan bosh-qosh bo‘ldi.

Ushbu favqulodda vaziyat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 2 ming 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan edi. Shuningdek, 1 ming 781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan. 70 ta ijtimoiy ob’yekt, 20 ming gektarga yaqin ekin maydoni, 828 kilometr yo‘l, elektr, gaz, ichimlik suv, aloqa tarmoqlariga talafot yetgan.

Bu sinov qarshisida xalqimizning birligi, hamjihatligi, mehr-oqibati yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Tezkor chora-tadbirlar natijasida Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 28 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.

Ularga birinchi darajali zarur sharoitlar yaratilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar, vazirlik, uyushma va aholi tomonidan Sirdaryoga yordam berish uchun homiylik mablag‘lari o‘tkazildi, qurilish materiallari, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va ro‘zg‘or buyumlari yuborildi.

Davlatimiz rahbari avvalgi safarlari chog‘ida bu yerlik odamlarning hayotini nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki uni yanada yaxshilash, yangi uy-joylar, ijtimoiy ob’yektlar barpo etib, yangi ish o‘rinlari yaratishni vazifa qilib qo‘ygan edi.

Bugungi kunda Hukumat komissiyasi ish olib boryapti. Zarar yetgan uy-joylarni tiklash va ta’mirlash, odamlarni o‘zining tiklangan uyiga qaytarish va ro‘zg‘origa yordam berish, infratuzilmani tiklash, aholi salomatligini himoya qilishga katta kuch va vositalar safarbar etilgan. Bu borada Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunga qadar 20 ta aholi punktidagi buzilgan uylar va ularning atrofi chiqindilardan tozalandi. 13 ta mahalladan suv qoldiqlari chiqarildi.

Ushbu mahallalarda hayot asta-sekin izga tushmoqda. Hozirda qariyb 66 ming aholi o‘z uylariga qaytdi. Boshqa joylarda tozalash-ta’mirlash ishlari tezkor sur’atlarda davom etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev dastlab Sardoba tumanida bo‘lib, hududda olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Ta’mirlanayotgan xonadonlarni kirib ko‘rdi, odamlar bilan suhbatlashdi.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joylari butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 ming 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Xususan, Sardoba tumanidagi «Do‘stlik» mahallasida 1480 xonadondan iborat 37 ta uy barpo etiladi. Davlatimiz rahbari mazkur turar joylarning poydevoriga tamal toshi qo‘ydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring