Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi

Xo‘jand shahrida o‘tayotgan uch tomonlama sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida yetakchilar bahor ayyomi Navro‘z va muborak Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Bugun bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralar yakunlari, ularning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani yuksak baholandi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishdagi yutuqlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 70 foizga oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan qo‘shma Investitsiya jamg‘armasi ko‘magida sanoat kooperatsiyasi muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.
Energetika va transport kommunikatsiyalari sohasidagi yirik mintaqaviy loyihalarni, shu jumladan «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi faol aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.
Prezidentlar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi va kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter