Shimoliy Koreya butun Koreya xalqiga murojaat qildi

Shimoliy Koreya hukumati butun Koreya xalqiga Pxenyan va Seul o‘rtasidagi harbiy taranglikni yengillashtirishga chaqirib murojaat qildi, deya xabar beradi STAK agentligi. Bu haqda «RIA Novosti» yozmoqda.
Xabarda qayd etilganidek, Koreya xalqining birlashishi eng muhim vazifadir. Ta’kidlanishicha, KXDR va Janubiy Koreya mamlakatning qayta birlashuvini mustaqil ravishda belgilashi kerak. Pxenyan bu masalada uchinchi tomonlarning aralashuvi nomaqbulligini ta’kidlaydi.
Shimoliy Koreya hukumati, shuningdek, KXDRning raketa va yadroviy dasturlari bilan bog‘liq vaziyatga nisbatan tanqidni kamaytirishni taklif qilmoqda. Rasmiy Pxenyan ushbu dasturlar ikki Koreya xalqi birlashuviga hech qanaqa xalaqit bermasligini aytmoqda.
Pxenyan, shuningdek, Koreya xalqini AQShga qarshilik ko‘rsatishga chaqirgan. KXDR yana Shimol va Janub o‘rtasida gumanitar va siyosiy yo‘nalishlarda aloqalarni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Xususan, xabarda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash zarurligi ta’kidlanadi.
Umuman olganda, Shimoliy Koreya hukumati 2018-yilni tomonlarning pozitsiyalarini yaqinlashtirish masalasida «keskin burilish yili» bo‘lishiga umid bildirdi.
Yil boshida Shimoliy Koreya va Janubiy Koreyaning yuqori martabali mulozimlari o‘rtasida 2015-yildan buyon ilk bora muzokaralar o‘tkazildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter