TIV o‘zbekistonliklardan Eron-Isroil mojarosida turli chaqiriqlarga uchmaslikni so‘rayapti

Tashqi ishlar vazirligi Isroil va Eron o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar yuzasidan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
Vazirlik, jumladan, so‘nggi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida, xususan, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchayib, qurolli to‘qnashuvlarga aylangani, bu esa nafaqat mintaqada, balki butun dunyo hamjamiyatida jiddiy xavotir uyg‘otayotganiga e’tibor qaratadi.
Shu bilan birga, mojaroning avj olishi butun mintaqa barqarorligi va tinchligiga tahdid solayotgani, tinch aholi, ayniqsa bolalar va ayollar uchun og‘ir oqibatlarga olib kelayotgani ta’kidlanadi.
«O‘zbekiston Respublikasi urushni muammolarni hal etish vositasi deb emas, balki inson hayoti, barqarorlik va taraqqiyotga jiddiy xavf soluvchi holat sifatida baholaydi. Urushda g‘olib bo‘lmaydi. Eng katta yo‘qotishni doim oddiy insonlar tortgan va bugun ham shunday bo‘lmoqda.
O‘zbekiston har doim tinchlikparvar siyosat yuritib kelgan va shunday davom etadi. Mamlakatimiz barcha davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirib kelmoqda», – deyiladi O‘zbekistonning diplomatik idorasi murojaatida.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston fuqarolari «tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasi»ni saqlashga chaqirilgan. Mojarolarga nisbatan diniy, irqiy yoki boshqa shaxsiy mansubliklar asosida munosabat bildirmaslik, har qanday nafrat va ziddiyat targ‘ibiga qarshi turish umumiy burch ekanligi uqtirilgan.
«Shuningdek, fuqarolarimizni turli provokatsiya va haqoratomuz chaqiriqlarga uchmaslikka, holatlarga nisbatan hissiyot emas, balki vazmin munosabatni saqlab qolishga da’vat etamiz. Jamiyatimizda milliy va diniy totuvlikni saqlash – umumiy barqarorlik va xavfsizlikning muhim kafolati ekanligini eslatamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi barcha mojarolar xalqaro huquq normalari va diplomatik muloqot asosida tinch yo‘l bilan hal etilishi tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidlaydi. Tinchlik va o‘zaro hurmat asosidagi munosabatlar har doim yurtimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi», – deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter