Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi

Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi

Foto: Senat.uz

Bugun, 10-fevral kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi ham forumda qatnashdi.

Forum ishtirokchilariga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qutlov so‘zlarini yo‘lladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi ishtirokchilariga yo‘llagan qutlov so‘zini Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.

Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida strategik hamkorlikni mustahkamlash va ushbu jarayonda parlamentlarning rolini yanada oshirishga doir masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi asosida mintaqa davlatlarining yetakchilari o‘rtasida olib borilayotgan o‘zaro ishonchga asoslangan faol siyosiy muloqotlar izchillik va muntazamlik kasb etmoqda. Bu, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlari birdek manfaatdor bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, xavfsizlik, chegaraviy masalalar, shuningdek, iqtisodiyot, investitsiya, turizm, madaniyat, sog‘liqni saqlash va ekologiyaga oid mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan muhim tashabbus va qarorlarning qabul qilinishiga zamin yaratmoqda.

Forumda alohida qayd etilganidek, bugungi kunda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida parlament diplomatiyasining ham o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, global tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda qardosh va o‘zaro do‘st xalqlar parlamentlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, ularning salohiyatidan yanada kengroq foydalanish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada mamlakatimizda yaqin qo‘shnilar bilan samarali parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasining qabul qilingani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Forumda umumiy tarixiy-madaniy merosga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishda parlament a’zolarining ishtirokini yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Qayd etish joizki, keyingi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasida asrlar mobaynida shakllangan va hozirda tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stona aloqalar xalqlarimizning tili, urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarining mushtarakligi bilan ham izohlanadi.

Shundan kelib chiqib, forum ishtirokchilari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda turli forumlar, festivallar, madaniy tadbirlarni o‘tkazish, xalqlarimizni bir-biri bilan yanada jipslashtirishga xizmat qiluvchi turizm yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Tadbir yakunida Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumining mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring