Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi Opera binosida Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida «Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi o‘rtasida turizm sohasidagi Kelishuv bayonnonmasi va Harakatlar rejasi»ni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi va unga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi avia reyslar sonini oshirish va sayyohlar sonini 1 million kishiga yetkazish ko‘zda tutilgan.
«O‘zbekiston tarixiy va madaniy boyliklari bilan dunyoning eng muhim turizm yo‘nalishlaridan biridir. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi betakror shaharlar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo madaniy merosida muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, o‘zbek taomlari, an’anaviy hunarmandchilik va sayyohlik sohasidagi noyob tajribalari O‘zbekistonning turizm sohasidagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda», – dedi Mehmet Nuri Ersoy.
Mehmet Nuri Ersoy o‘tgan yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi munosabati bilan turizm sohasidagi mushtarak maqsadlarni ilgari surgan «Kelishuv bayonnomasi»ni imzolaganliklarini ta’kidlab, ikki davlat o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikni oshirish va qo‘shma loyihalar ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat berganliklarini qayd etdi.
«Ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sezilarli darajada oshib bormoqda»
Mehmet Nuri Ersoyga ko‘ra, ikki davlatda ham turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud va ikki davlat o‘rtasida turizm hamda madaniyat sohalaridagi hamkorlik hozirda eng yuqori darajada davom etmoqda.
«Turkiyaning turizm sohasidagi rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz»
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari azaldan bo‘lganini, turizm ikki davlatning mushtarak jihatlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Aziz Abduhakimov o‘z nutqida Turkiyaning turizm nuqtai nazaridan nodir va go‘zal o‘lka ekanligini, uning turizm sohasidagi rivojini yaqindan kuzatib borayotganliklarini tilga oldi va bu holatning O‘zbekiston turizmiga ham hissa qo‘shishiga umid bildirdi.
Kelishuv bayonnomasi va Harakat rejasiga ko‘ra quyidagi takliflar ilgari surildi:
— Turizm maskanlarini bog‘laydigan aviaqatnovlarni ko‘paytirish;
— O‘zbekistonda Turkiyaning va Turkiyada O‘zbekistonning turizm salohiyatini yanada kengroq targ‘ib qilish;
— Moturidiy, Naqshbandiy va Buxoriy tariqatlari izdoshlarining Turkiya markaziy va sharqiy provinsiyalarida istiqomat qiladigan yirik jamoalarini (umumiy 3 mln atrofida) O‘zbekistonga kengroq jalb etish, muzeylar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, madaniy tadbirlarni ko‘paytirish;
— «Turk qardoshlar» dasturini amalga oshirish, davlatlarimiz tarixini o‘zaro chuqurroq o‘rganish, hamkorlikda kino asarlari yaratish;
— O‘zbekistonda jadal rivojlanib borayotgan turizm yo‘nalishlari – ekoturizm, ekstremal turizm, ziyorat turizmiga bag‘ishlangan tematik ko‘rgazmalar, foto-ko‘rgazmalar tashkil qilish;
— Turkiyalik sayyohlarning Buxorodagi 7 ta Pir ziyoratgohlariga sayohatlarini yo‘lga qo‘yish;
— Turkiya muzeylarida O‘zbekiston muzey eksponatlari burchaklarini yaratish;
— Turkiyaning yirik san’at dargohlari, park va bog‘larida O‘zbekiston tomonidan YuNESKO nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan baxshichilik, maqom san’ati va lazgi raqsi namoyishlari, madaniy festivallar va «open-air» tadbirlarini o‘tkazish;
— turkiyaliklar uchun, ularning talab va istaklariga mos turistik mahsulotlar yaratish maqsadida turoperatorlar, restoratorlar, turizm infrastrukturasiga sarmoya kiritadigan kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish;
— aeroportlarda, mehmonxona, kafe va restoranlarda turk tilida ko‘rsatkich belgilarini o‘rnatish, menyular yaratish, turk turistlariga moslashtirilgan (tailor-made) marshrut, ekskursiya va turlar hamda davlatlar kulinariyasini birlashtirgan restoranlar tashkil qilish;
— Turizmning turli sohalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish.
«Biz bu masalalarda hamkorlik qilishga kelishib oldik. Ayni paytda O‘zbekistondan Turkiyaga 250 mingdan ortiq, Turkiyadan O‘zbekistonga 150 mingdan ortiq sayyoh kelmoqda. Bu bizning imkoniyatimiz qanchalik yuqori ekanligini va uni qanday oshirish mumkinligini ko‘rsatadi. Bundan kelib chiqib, Turkiyadan O‘zbekistonga 1 million kishi, O‘zbekistondan esa 1 million kishi Turkiyaga tashrif buyurishini maqsad qilgan holda ish olib borishga ham kelishib oldik. Bu raqamlarga erishsak, madaniy birligimizni ham mustahkamlagan bo‘lamiz», deya o‘z nutqini yakunladi A.Abduhakimov.
O‘z navbatida Mehmet Nuri Ersoy O‘zbekiston tomonidan bildirilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi. Ma’ruzalardan so‘ng ikki vazir Kelishuv bayonnomasi va Harakat rejasini imzoladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter