Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu yil «Olimpiya kuni» qanday nishonlanadi?

Bu yil «Olimpiya kuni» qanday nishonlanadi?

Har yili 23 iyun kuni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan butun dunyoda «Olimpiya kuni» sifatida keng nishonlanishi an’anaga aylanib ulgurgan.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham bu tadbir o‘zgacha shukuh ostida o‘tkazib kelinadi. Unda respublikamiz aholisining deyarli barcha qatlami qamrab olinadi. Bu yilgi tadbirlar boshqacha formatda tashkil etilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda ushbu tadbirni tashkil etish yuzasidan onlayn yig‘ilish o‘tkazdi. Unda qo‘mita va vazirlik rahbariyati Olimpiya kunini qay tartibda o‘tkazish masalasini muhokama qilishdi.

Bu yilgi «Olimpiya kuni» murakkab sharoitda o‘tishi bilan tarixda qoladigan bo‘ldi. Shunga qaramasdan har bir mamlakatda mazkur sport bayramiga o‘ziga xos tayyorgarlik olib borilmoqda. Uni O‘zbekistonda ham zamon talabidan kelib chiqqan holda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish har ikki tashkilotning bosh maqsadi bo‘lib turibdi. Mazkur maqsad asosida tashkil qilingan yig‘ilishda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, shuningdek, MOQ hamda vazirlik rahbariyati va xodimlari, hududlardagi vakillar ishtirok etishdi. Ushbu yig‘ilishda ishtirokchilar pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda aholi orasida mana shunday sport bayramini targ‘ib qilish borasida o‘z takliflarini o‘rtaga tashlashdi.

Ta’kidlash joiz, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ushbu bayram munosabati bilan barcha MOQlarga o‘z tavsiyalarini jo‘natgan. Suhbatda ushbu tavsiya asosida xorij tajribasini o‘rgangan holda bayramga tayyorgarlik ko‘rish va OAVda yoritish mavzulari ham ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish davomida «Olimpiya kuni»ni o‘tkazish borasida har ikki tashkilot o‘rtasida ishchi guruh tuzilib, barchaga o‘z sohasida qilinadigan ishlar bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Mazkur bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish bo‘yicha reja yakun kunlar ichida e’lon qilinadi.

«Olimpiya kuni» karantin talablariga rioya qilingan holda o‘tkaziladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring