Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun O‘zbekistonda «Olimpiya kuni» nishonlandi

Bugun O‘zbekistonda «Olimpiya kuni» nishonlandi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

«23 iyun – Xalqaro Olimpiya kuni». Bu sana butun dunyoda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tashkil topgan kun sifatida 70 yildan ortiq vaqt davomida katta shodiyona bilan nishonlab kelinadi.

O‘zbekistonda joriy yilgi «Olimpiya kuni» bugun nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan erta tongda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston MOQ, Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar xodimlari, sportchi va murabbiylar birgalikda badantarbiya mashqlarini bajarishdi.

Garchi «Olimpiya kuni» tadbirlari O‘zbekistonda asosan bugun nishonlanayotgan bo‘lsada, ushbu kun shukuhi yurtimizda bir necha kundan beri kezib yuribdi. Jumladan, 15-iyundan virtual yugurish dasturi yo‘lga qo‘yilib, unda hozirgacha 500 nafarga yaqin hamyurtimiz o‘z omadini sinab ko‘rishdi.

«Olimpiada – bu...» loyihasi orqali taniqli o‘zbek sportchi va trenerlari zamonaviy Olimpiya o‘yinlari haqidagi o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, ushbu roliklar ijtimoiy tarmoqlarda faol targ‘ib qilinmoqda.

Ma’lumki, hozirda butun dunyo koronavirus pandemiyasi tufayli karantin holatida bo‘lgani sababli bu yilgi bayram barcha mamlakatlarda onlayn tarzda nishonlanmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham.

Shu maqsadda bugun soat 11:00da ZOOM platformasi orqali mamlakatimiz sport jamoatchiligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda MOQ mutasaddilari, yurtimizda faoliyat olib borayotgan Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiyalar va assotsiatsiyalar vakillari, sport faxriylari, mustaqil O‘zbekiston tarixida Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportimiz yulduzlari, qolaversa san’atkorlar videokonferensiya shaklida «Olimpiya kuni»ni nishonlashdi.

Unda so‘z olgan Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov videokonferensiya ishtirokchilari va ular orqali mamlakatimizning barcha sport ahlini bugungi bayram bilan tabrikladi:

— Olimpiya kuni o‘zining tarixiy voqeligini nishonlayotganiga qaramay, uning maqsadi kelajakka, ayniqsa, yoshlarni sportga jalb etishga qaratilgan. Yoshlarni sport orqali o‘zaro ahillik va do‘stona ruhda tarbiyalash Olimpiya kunining bosh g‘oyalaridan biridir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham sport va jismoniy tarbiya sohasini yana-da rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish jihatlariga alohida e’tibor qaratib, buning uchun mamlakatimiz yoshlariga barcha sharoitlarni yaratib bermoqdalar.

2020 yilgi Olimpiya kuni butun dunyo uchun mana shunday murakkab vaziyatga to‘g‘ri keldi. Biroq bu virus hech bir mamlakatda mazkur kunning nishonlanishiga to‘sqinlik qila olmayapti. Guvohi bo‘lganimizdek, O‘zbekistonda ham Olimpiya kuni turli onlayn musobaqalar, mana shunday muloqotlar orqali nishonlanmoqda. Fursatdan foydalanib, barchangizni Olimpiya kuni bilan samimiy muborakbod etib qolaman!

Shuningdek, videokonferensiyada O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, mamlakatimiz faxri, kuni kecha o‘zining 45 yoshlik yubileyini nishonlagan sport gimnastikasi afsonasi Oksana Chusovitina, mustaqil O‘zbekistonga yozgi Olimpiya o‘yinlarining dastlabki oltin medalini taqdim etgan Muhammadqodir Abdullayev, taniqli aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov va boshqalar ham so‘zga chiqib, yurtimizda olimpizm harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu jarayonda sport jamoatchiligi hukumatimizning har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganini his etib turganligini alohida e’tirof etishdi hamda «Olimpiya kuni» bilan yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etishdi.

Tadbir so‘ngida qatnashchilarga Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax tomonidan yo‘llangan tabrik namoyish etildi.

O‘zbekistonda «Olimpiya kuni» tadbirlari shu bilan tugamaydi. Ayni kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida ushbu sanaga bag‘ishlab sport tadbirlari tashkil etilmoqda. Demak, «Olimpiya kuni» shukuhi hali davom etadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring