Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ektor Kuper Urugvayga qarshi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olmaganini tan oldi

Ektor Kuper Urugvayga qarshi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olmaganini tan oldi

Nanning shahridagi «Guanxi Sports Centre» stadionida «China Cup-2019» musobaqasi oldidan matbuot anjumani tashkil qilindi. Matbuot anjumanida milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper va terma jamoamiz hujumchisi Eldor Shomurodov qatnashdi. Argentinalik murabbiy musobaqaga tayyorlanish uchun yetarlicha vaqt bo‘lmaganini ta’kidladi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi ertaga Urugvay milliy jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

— Bu yerda bo‘lib turganimdan xursandman. «China Cup» juda yaxshi musobaqa. Bu musobaqada kuchli jamoalar ishtirok etishadi. Ularga qarshi o‘ynash biz uchun foydali bo‘lishi shubhasiz. Biz mazkur musobaqa orqali Jahon chempionati saralashiga tayyorgarlik ko‘ramiz. Bu musobaqaga tayyorlanish uchun ko‘p vaqt bo‘lmadi. Kecha keldik. Hozircha bitta mashg‘ulot o‘tkazdik. Shunga qaramay, musobaqa davomida o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Eldor Shomurodov: «Bizni Xitoyda juda yaxshi kutib olishdi. Buning uchun tashkilotchilarga katta rahmat. Nanning yangi shahar ekan. Juda chiroyli. Shahar menga yoqdi, menda yaxshi taassurot qoldirdi».

Ektor Kuper: «Osiyo Kubogi bilan solishtirganda bizning tarkibimizda katta o‘zgarishlar yo‘q. Deyarli o‘sha tarkib bilan Xitoyga tashrif buyurdik. «China Cup» musobaqasida Osiyo Kubogidagi kabi o‘yin namoyish qilishga harakat qilamiz. Har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish uchun maydonga tushamiz. Men Xitoyga birinchi bor kelishim. Avval bu mamlakatda bo‘lmaganman. Shu sababli jamoam bilan yorqin o‘yin namoyish qilishga harakat qilamiz. Ammo biz uchun eng muhimi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish. Mazkur musobaqalarga o‘xshash turnirlar orqali mundial saralashiga tayyorgarlik ko‘ramiz.

Fabio Kannavaro ayni paytda Xitoy terma jamoasini boshqarib borayotganini bilaman. U 15 yil oldin Milanning «Inter» tarkibida o‘ynagandi. U juda yaxshi futbolchi. Tartibli o‘yin namoyish qilardi. U murabbiy sifatida ancha tajriba to‘plagani aniq. Futbolchilardan ham tartib intizomga amal qilishni talab qilishi tabiiy. Men Kannavaroga murabbiylik faoliyatida omad tilayman.

U buyuk murabbiy bo‘lib yetishishiga ishonaman. Unda buning uchun barcha jihatlar mavjud. Agar maydonda murabbiy sifatida uchrashadigan bo‘lsak, men Kannavaroni mag‘lubiyatga uchratishga harakat qilaman.

Jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirish juda yaxshi g‘oya. Bu faqat O‘zbekiston yoki Xitoy uchun emas, barcha Osiyodagi terma jamoalar uchun juda yaxshi imkoniyat. Men bu g‘oyani qo‘llab quvvatlayman. Bu holat butun dunyoda futbol rivojiga hissa qo‘shishi aniq», - dedi Kuper.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring