Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Faqat «Real Madrid» muxlislari o‘qisin!

Faqat «Real Madrid» muxlislari o‘qisin!

«Mbappe ertagi» madridliklar uchun yomon natija bilan yakuniga yetdi. Fransuz garchi «blankos» libosida o‘ynash bolalikdagi orzusi ekanligini aytib kelsa-da, qatarlik shayxlar uni jamoada saqlab qolishni uddalashdi.

Florentino Peres transfer siyosatidagi, ehtimol, eng katta mag‘lubiyatini ham qabul qilib oldi, dersiz. Ha, balki shundaydir ham. Katta transferlarda «ayyor tulki» bo‘lib ketgan, istagan futbolchisini hatto ashaddiy raqiblaridan ham (Figu voqeasi) olib qo‘yadigan Peres bu safar «tarsakining zo‘ri»ni oldi. Kilianning Madriddagi ehtimoliy yulduzligi sabab Holand transferi ham «tagiga olib» ketdi. Xullas, qatarliklarning «qizg‘anchiqligi»dan katta pul ishlab olgan Mbappe «Real Madrid»dan bitta «uzr» bilan qutilmasa ham kerak. Ayrim manbalarning yozishicha, «Real» va Mbappe o‘rtasida yil boshida kelishuv imzolangan. Unga ko‘ra, transfer yo‘qqa chiqadigan bo‘lsa, futbolchi 100 mln yevro jarima to‘lashi kerak bo‘ladi. Agar shunday bo‘lsa, «PSJ»ning «yangi qiroli» uchun bu jarimani ham Nosir Al Xilayfiy to‘laydimi?

Parijning superyulduzi transferi o‘xshamagani Madrid jamoasini «B rejasi»siz qoldirdi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Peres fransuzning transferi o‘xshamasligiga shubha qilmagan, ammo bu futbol magnatini qo‘shimcha rejalarsiz yuradi, degani emas. Agar 100 mln yevro jarima haqiqat bo‘lib chiqsa, bu pulga istalgan top hujumchini Madridga olib kelish mumkin bo‘ladi. Haqiqat bo‘lib chiqmagan taqdirda ham, Mbappega sarflanishi kerak bo‘lgan summaga bir nechta yaxshi futbolchini olib kelish qiyin emas. Bundan tashqari ayrim transferlarni hisobga olmasa, Peres uch mavsumdan beri «sandig‘iga pul bosib» yuribdi. Maqolada «Real Madrid» hujumini Mbappesiz ham dahshatli ko‘rinishga keltiradigan beshta nomzodni ko‘rib chiqamiz.

Aureliyen Chuameni. Foto: Gong.bg

Aureliyen Chuameni – «Monako»

Dunyoning top klublari 22 yoshli fransiyalik yarim himoyachiga qiziqish bildirishmoqda. ESPN xabariga ko‘ra, Mbappening transferi o‘xshamagach, eng avval «Monako» futbolchisi Peres nishoniga tushgan. «Bavariya», «Liverpul» va «Chelsi» ham futbolchi xizmatiga jiddiy xohish bildirmoqda. Shunga qaramasdan, transfer summasi katta futbolchini olib o‘rganmagan «Bavariya» va «Liverpul»ga qimmatlik qilsa, sanksiyalar bilan kurashayotgan «Chelsi» uchun noqulay.

Ayni paytda Aureliyen Chuameni transfermarket portalida 40 mln yevroga baholanmoqda. Madrid uchun bu katta pul emas, bundan tashqari uning maoshi ham yuqori bo‘lmaydi.

Nega «Real Madrid»ga mos?

Chuameni asosan tayanch nuqtasida to‘p suradi. U Kazemiroga munosib o‘rinbosar bo‘la oladi. Kamavinga bilan raqobat Aureliyen uchun muammo emas. Jismonan baquvvat va tezkor, qarshi hujumlarda Madrid joniga aro kirishi mumkin.

Joau Felish. Foto: Sportbox

Joau Felish – «Atletiko Madrid»

«Benfika»dan 113 million funt sterlingga sotib olingan Felish hamma istagandek La Liga yulduziga aylanib keta olmadi. Dunyodagi ko‘plab sport nashrlari portugaliyalikni «Real» hujumi uchun eng munosib nomzod sifatida talqin etishmoqda. 22 yoshli Joauning shartnomasi 2026 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lsa-da, o‘zi ham «Atletiko»ni tark etishni istisno etmayapti. «Real Madrid» uchun uning transfer puli ozgina noqulay bo‘lishi mumkin. Ayni paytda portugalni transfermarket platformasi 70 mln yevroga baholamoqda, biroq o‘zaro tomonlar kelisha olsa, bu 50 mlngacha qisqarishi mumkin.

Nega «Real Madrid»ga mos?

Joau Felishning asosiy pozitsiyasi hujumchi ortida harakat qilishdir. Bundan tashqari qanotda ham erkin o‘ynay oladi. Yozda Asensioning sotilishi haqidagi gap so‘zlar unga jamoa tarkibida o‘z o‘rnini topa olishiga yordam bersa, ajabmas. Bu qanotda harakat qilayotgan Rodrigo mavsum so‘ngida fantastik o‘yin ko‘rsatgan ersa-da, Feliksning kelishi Madrid hujumini ancha kuchaytirishiga shubha yo‘q.

Kristofer Nkunku. Foto: Football.ua

Kristofer Nkunku, «RB Leypsig»

Shartnomasi 2024 yili tugashi kutilayotgan Kristofer Nkunku bu mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazdi. Bundesliga jamoasi uchun 34 ta gol, 20 ta golli uzatma berdi. Hujumkor yarim himoyachi pressingda yaxshi o‘ynashi bilan dong taratgan, deyishimiz mumkin. Nkunkuning yoshi, malakasi va ko‘p qirraliligi uni yanada Madrid uchun kerakli qilmoqda. Transfer narxi 60-65 mln yevro atrofida.

Nega «Real Madrid»ga mos?

Nkunku maydonda Modrichga o‘xshab harakat qiladi. Albatta, xorvatning o‘rni hozircha kafolatlangan bo‘lsa-da, unga o‘rinbosar bo‘lishi «blankos» uchun muhim transfer maqsadidir.

Muhammad Saloh. Foto: Nearfootball.com

Muhammad Saloh, «Liverpul»

Salohning tez-tez Ispaniya poytaxtiga ko‘chib o‘tishi haqidagi xabarlar chiqib turadi. Mbappe transferi o‘xshamagach, misrlik futbol yulduzi bilan shartnoma imzolash ayni muddao bo‘lar edi. Garchi u «qizillar»dan boshqa jamoada o‘zini yuqori darajada ko‘rsatgan bo‘lmasa-da, zamonaviy futbolda katta ishlarga qodirligi hammamizga ma’lum. Xususan, u APLdek murakkab ligada Benzema kabi gol va assistlar borasida tengsiz bo‘la oldi. Kelasi oy 30 yoshga to‘ladigan Salohga haftasiga 400 ming funt maosh to‘lay oladigan klublar ko‘p emas. Shunday ekan agar misrlik ligasini o‘zgartirishga rozi bo‘lsa, uning keyingi manzili Ispaniya bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Salohning transferi 80-100 mlnga aylanishi mumkin.

Nega «Real Madrid»ga mos?

Matbuotda Muhammad Saloh «Real»ni «dushman» sifatida ko‘rishi haqida yozishsa-da, aslida pul hamma narsani hal qilishini amalda ko‘rdik. O‘ng qanotda uning bo‘lishi Vini-Benzema-Saloh triosini hosil qiladi. Nom jihatdan yomonmas-a?! Ehtimol, YeChL finalida «Real» «Liverpul»dan nafaqat kubok, balki Salohni ham yutib olar!? Hammasi vaqt masalasi…

Darvin Nunes. Foto: Gong.bg

Darvin Nunes, «Benfika»

Darhaqiqat, Karim Benema bu mavsumda nainki Yevropaning eng yaxshi hujumchilaridan biri bo‘ldi, ehtimol eng yaxshisi hamdir. Biroq bu — 34 yoshli Karim doim shunday stabil o‘ynaydi degani emas. 21 yoshli Darvin Nunez esa kelajakda uning o‘rnini bildirmasligi mumkin. Luka Yovich va Mariano Diaz fransuzning yaqiniga ham kela olishmadi. Urugvaylik forvard «Liverpul», «Bavariya» va «Barselona»ga qarshi bahslarda o‘zini ko‘rsata oldi. Transfer qiymati ham uncha yuqori emas. Hozirda transfermarketda uning narxi 40 mln yevro atrofida baholangan. Mazkur futbolchini Edison Kavaniga ko‘p solishtirishadi. Unda urugvayliklarga xos hujumkorlik ruhiyati bor. Nunes transferi ustida ishlayotgan «Manchester Yunayted» «Real» bilan raqobat olib boradi.

Nega «Real Madrid»ga mos?

Darvin Nunes  sovuqqon futbolchi. Yuqorida aytilganidek, Benzemaga munosib o‘rinbosar bo‘lishi mumkin. Bo‘ydor va tezkorligi Ramossiz madridliklarning bosh bilan samaraliroq o‘ynashlarini ta’minlashi mumkin.

Peres yuqoridagi besh futbolchi uchun 250-300 mln yevro sarflashiga to‘g‘ri keladi.

Krishtianu Ronaldu, Harri Keyn yoki Robert Levandovski Mbappening o‘rnini bemalol bosishi mumkin edi, ammo Peres bu transferlarga e’tibor qaratmasa kerak. Birinchidan Ronalduning klubga qaytishi endi avvalgiday foydali emas va usiz ham jamoa o‘ynashni o‘rganib olgan. YeChLga yo‘llanma ola olmagan Ronaldu balki o‘z xizmatlarini taklif ham etar. Harri Keyn transferi ham madridliklar uchun noqulayroq. Birinchidan, Keyn asosan markazda o‘ynaydi. Karim bu o‘rinni yana bir mavsumsiz kimgadir berishi dargumon. Ikkinchidan esa, «Tottenxem» Konte qo‘l ostida yaxshi o‘yinlar o‘tkazmoqda va keyingi mavsumda top hujumchini qo‘yib yubormaslikka harakat qilsa kerak. Leva bilan esa vaziyat boshqacharoq. Polshalik jamoasini o‘zgartirmoqchi. U garchi markazda Benzema bilan tandemda harakat qila olsa-da, uning «Barselona»ga o‘tishi qulayroq. Biroq uning transfer qiymati yuqori emasligi Florentino Peresni bu haqida o‘ylab ko‘rishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari «Real»ni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan Jamol Musaila, Jud Bellingem, Xoakin Korrea, Nikola Barella kabi futbolchilar transferi ham shu yozning o‘zidayoq ko‘rib chiqilishi mumkin. Bundan tashqari «Milan» bilan A Cyeriya g‘olibi bo‘lgan Braim Diaz ham ortga qaytarilishi mumkin. «Blankos» shu transfer oynasidayoq jamoani ancha yoshartirib olish imkoniyatiga ega.

Mbappe, shubhasiz, super iqtidor sohibi. Jahon futboli kelajagi hamdir. Ammo uning Madrid jamoasiga kelib qo‘shilmagani fojia emas. Kilian jahon futboliga kirib kelishdan oldin ham «Real Madrid» bor edi, undan keyin ham bo‘ladi. «Real» hech qachon yulduzlarsiz jamoa bo‘lib qolmagan. Roberto Karlos, «so‘yloq» Ronaldo, Raul, Zidan, Kasilyas, Ramos, Ronaldu va yana qator mega-yulduzlar jamoani tark etgach ham «madrid dahosi» so‘nib qolgan emas yoki Ronaldino, Maradona, Pele, Messining «blankos» libosida o‘ynamagani jamoani cho‘ktirib yubormagan.

Barcha faktorlarga qaramay, «Real Madrid» kelajakda ham eng nomdor klublardan bo‘lib qolaveradi. Mbappe-chi? Bunisi esa savol…

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring