Jahon chempionatining birinchi kuni hamyurtlarimizga og‘ir keldi (foto)

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatining birinchi kungi bahslari yakuniga yetdi.
Dastlabki kunda rapid yo‘nalishi bo‘yicha 5 tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Kun yakunlariga ko‘ra, hamyurtlarimizdan eng yaxshi natijani Nodirbek Yakubboyev qayd etdi. U 5 imkoniyatdan 3,5 ochko to‘plab, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 31-pog‘onadan joy olgan.

Jahon chempionatini g‘alaba bilan boshlagan Nodirbek Abdusattorov afsuski so‘nggi uchta partiyada bir mag‘lubiyat va ikki durang natija qayd etdi. Rapid yo‘nalishida 2021 yilgi jahon chempioni hisoblangan Abdusattorov 3 ochko bilan qo‘shimcha koefitsenlarga ko‘ra hozircha 56-pog‘onadan joy olgan.
Yetmishinchi o‘rinni egallagan Jahongir Vohidov, 77-pog‘onadagi Shamsiddin Vohidov hisobida ham 3 ochkodan bor.
Amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen kechagi kun natijalariga ko‘ra 5 imkoniyatdan 4,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra peshqadamlik qilmoqda.

Hindistonlik Arjun Ergaisi, Vidit Santosh, xitoylik Yu Yang Yi va bolgariyalik Ivan Cheparinov hisobida ham 4,5 tadan ochko bor.
Bugun jahon chempionatida ikkinchi kungi bahslar o‘tkaziladi. Umumiy mukofot jamg‘armasi bir million AQSh dollarini tashkil qiluvchi musobaqaning bugungi bahslarida erkaklar o‘rtasida 4 tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.
6-turda Magnus Karlsen birinchi doskada qora donalarda Viditga qarshi bahs olib boradi. Ikkinchi doskada Arjun va Yu Yang Yi to‘qnash keladi.
Nodirbek Yakubboyev 6-turni oq donalarda hindistonlik Nihal Saringa qarshi o‘tkazadi. Nodirbek Abdusattorov esa 6-turda qora donalarda belgiyalik Daniel Darda bilan hisob-kitob qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter