Joshuaning «sariq chaqalik» dabdabali hayoti

Entoni Joshua — zamonamizning eng boy bokschilardan biri.
Bugungi kunda Entoni Joshua professional boksning eng nufuzli superog‘ir vaznida asosiy yulduz hisoblanadi. London olimpiadasida 23 yoshida g‘olib chiqqan Entoni keyin professional bokschi sifatida 5 yilda 20 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida muddatidan oldin zafar qozondi va WBA hamda IBFning chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritdi.
Vladimir Klichko va Karlos Takam ustidan qozonilgan so‘nggi ikki g‘alaba uning faoliyatining shu kungacha bo‘lgan cho‘qqisi, deyish mumkin. Ukrainalik va kamerunlik bokschilarni nokautga uchratgani uchun jami 30 million funt daromad qilgan britaniyalik zamonamizning eng boy bokschilardan biriga aylandi.
Garchi dabdabali hayot kechirsa-da, buning uchun yonidan sariq chaqa ham ishlatmaydi. Buning siri oddiy: bokschi haddan tashqari iqtisodchi, ya’ni ziqna, qolaversa, uning hayotni «lyuks» darajasiga olib chiquvchi homiylari yetarlicha. Entoniga dunyoning mashhur «Under Armor», «JD Sports», «Beats by Dre», «StubHub», «Dafabet», «Lynx», «Audemars Piguet», «Jaguar Land Rover», «BXR», «Vodafone», «Westfield», «Lucozade» kabi yirik brendlar homiylik qiladi.

Foto: Sports.ru
Odamlar Joshuani kunlik xarajatlari uchun haddan tashqari ko‘p pul ishlatadi, deb o‘ylashadi. To‘g‘ri, u ko‘p parvoz qiladi, qimmat soatlar taqadi, eng so‘nggi rusumdagi avtomobillarga ega. Lekin bularning hammasini homiylar o‘z bo‘yniga olgan. Biz biror marta ham xususiy samolyot yoki vertolyot buyurtma qilmaganmiz. «Land Rover» Entonini doimiy ravishda avtomobil bilan ta’minlaydi. U pul ishlatmaydi, faqat yig‘adi.
Freddi Kanningem, bokschining menejeri
Kanningem – Joshuaning «o‘ng qo‘li». U 2015 yili tashkil etilgan «AJ Boxing» menejment agentligi orqali Entoniga yordam beradi.
«Men bu ishni boshlaganimda maqsadim millioner bo‘lish edi. Endi esa, milliarder bo‘lish. Millioner bo‘lish yaxshi, lekin maqsadga yetishish uchun yanada o‘sish kerak. Agar keyingi jang uchun 10 million funt gonorar olsam, undan keyingisi uchun nega 10 barobar ko‘proq olmasligim kerak?! Men o‘z kuchi bilan milliarder bo‘lgan insonlarni bilaman. Bu qiyin ish, lekin uddalasa bo‘ladi», — degan edi Joshua o‘z intervyusida.
Joshuaning brilliantlar bilan bezatilgan, narxi 263 600 funtga baholanuvchi tilla va 108 000 funtlik kumush soatlari bor. Tabiiyki, sportchi bu qimmatbaho soatlarni o‘z puliga sotib olmagan, ular Shveysariyaning «Audemars Piguet» brendidan sovg‘a qilingan.

Foto: Sports.ru
Joshuaning sevimli shahri — Dubay. Bu ham shartnomada ko‘rsatilgan. Hujjatga ko‘ra, Entoni mahalliy sayyohlik firmasining elchisi hisoblanadi. Evaziga yaxshigina gonorar olishi ham sir emas. Shunday ekan, bokschining kelgusi janglaridan biri Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tishiga ishonsa bo‘ladi.
Shu yilning noyabr oyida Joshua sobiq futbolchi Rio Ferdinand bilan birgalikda kunlik mashg‘ulotlarning foydasini targ‘ib qilish uchun Dubayning mashhur Burj Al Arab binosi tomida mashg‘ulot o‘tkazishdi. Buning uchun osmono‘par binoning tomidagi vertolyotlar qo‘nish maydonchasiga maxsus ring o‘rnatildi.
«Entonining faoliyati avvalida ko‘pgina kompaniyalarga hamkorlikni taklif qilganimda, boks ular uchun emasligini aytishgan edi. Endi esa, o‘sha rad qilganlarning qo‘ng‘irog‘idan telefonim portlab ketishiga sal qolyapti», — deydi Kanningem. — «Men oddiy benzin quyuvchi yoki katta kompaniya boshlig‘i bilan bir xilda muomala qiladigan bunday yigitni uchratmaganman. U xalq ichidan chiqqan. U o‘ziga xos inson, takrorlanmas sportchi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter