Kamyob hodisa. Hasanboy Do‘smatovga finalda ukasi raqib bo‘ladi
12 dekabr kuni boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining yarimfinal janglari o‘tkazilib, final oldidan boksda kamdan-kam uchraydigan holat yuzaga keldi.
Musobaqaning 51 kilogramm vaznida bahs olib borayotgan Hasanboy Do‘smatov yarimfinalda farg‘onalik Abdumajid Mannopovni mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Ushbu vaznning boshqa yarimfinalida esa Do‘smatovning ukasi Faryozbek final yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Ikki aka-uka Do‘smatovlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionligi uchun 51 kilo vaznda bo‘ladigan final jangi yuz bermaydigan ko‘rinadi.
Bu haqda Hasanboy Do‘smatov yarimfinal jangidan keyin jurnalistlarga bergan intervyusida ta’kidladi.
«O‘n birinchi yoki o‘n ikkinchi marta O‘zbekiston chempionatida qatnashishim. Ukam Faryozbek esa hali yosh. Uni qo‘llab-quvvatlash, boksdagi keyingi faoliyatiga dalda va ruhiy quvvat bag‘ishlash uchun kumush medal bilan kifoyalanmoqchiman», – deya Hasanboyning so‘zlaridan iqtibos keltirgan O‘zA.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining final janglari 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter