Krishtianu Ronaldu Tramp bilan Oq uyda uchrashadi
Portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni valiyahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan birga bugun Oq uyga tashrif buyuradi. Bu haqda The Athletic nashriga tayanilgan manbalar xabar berdi. Uchrashuv yaqin vaqt ichida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
2023-yil yanvaridan beri Saudiyaning «Al-Nasr» jamoasida o‘ynab kelayotgan Ronaldu so‘nggi oylarda mamlakatning norasmiy diplomatik yuzlaridan biriga aylanmoqda. Uning Oq uyda ko‘rinishi ham Saudiyaning xalqaro imiji va sport orqali global hamkorlik strategiyasida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ronaldu avvalroq Donald Tramp bilan uchrashish istagi borligini bir necha intervyularida ta’kidlagan edi.
«U dunyoni o‘zgartira oladigan insonlardan biri. Men u bilan dunyo tinchligi haqida suhbatlashmoqchiman», – degan Ronaldu.
Ronaldu hozirda Portugaliya terma jamoasi bilan 2026-yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Musobaqa AQSh, Kanada va Meksika hududlarida o‘tkaziladi va Ronaldu uchun, ehtimol bu oxirgi mundial bo‘lishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter