Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kundedan Holandgacha» — «Real Madrid»ga zarur TOP-5 futbolchi haqida

«Kundedan Holandgacha» — «Real Madrid»ga zarur TOP-5 futbolchi haqida

2020-2021-yil Ispaniya La Ligasi va Yevropa chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng Madridning «Real» klubida bir qancha o‘zgarishlar bo‘ldi.

Jamoani nomdor bosh murabbiyi Zinedin Zidan va uzoq yillik sardori Serxio Ramos tark etishdi.

Florentino Peres klubga begona bo‘lmagan tajribali murabbiy – Karlo Anchelottini olib keldi. «Blankos» bilan o‘z vaqtida muvaffaqiyatlar qayd etgan jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Antonio Pintus lavozimiga qaytarildi. Endi ular inqilobiy o‘zgarishlarni boshlashi kerak.

O‘tgan mavsumda kadrlar tanqisligi «Real»ning muvaffaqiyatsizliklariga sabab bo‘ldi, deyishimiz mumkin. Shunday vaziyatda jamoaning bir qancha nuqtalarini yangilash lozimligi ham oydinlashib qolgan. So‘nggi 2 transfer bozorida «mum tishlagan» qirollik klubi bu mavsumda qaysi transferlarga qo‘l uradi? Umuman olganda, «Real Madrid»ga qaysi futbolchilar kutilganidan ko‘proq yordam berishi mumkin? Quyida jamoaga yordam bera oladigan besh nafar futbolchi bilan tanishamiz.

  1. Jyul Olive Kunde

22 yoshli fransuz «Sevilya»da ajoyib o‘yinlar ko‘rsatdi. Kunde har bir to‘pga kurashuvchan, tezkor, jismonan yetuk va eng muhimi raqib hujumlarini buzuvchi futbolchi. Asosiy o‘yin pozitsiyalarining markaz va o‘ng qanot himoyasi bo‘lganligi ham «Real» uchun ayni muddao. O‘ng qanot himoyasida o‘ynaydigan Karvaxalning butun bir mavsumni o‘tkazib yuborgani va Vaskesning uning pozitsiyasiga o‘tkazilishi Kunde kabi maydonning keng qismini nazorat qila oladigan futbolchiga ehtiyojni oshiradi.

Hozirda «Sevilya» a’zosining transfer narxi 60 mln yevroni tashkil qilmoqda. Aynan ushbu summaning balandligi transfer amalga oshishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

  1. Yozua Kimmix

«Bavariya» sotish niyatida bo‘lmagan, ammo «Real Madrid» uchun eng muhim futbolchilardan biriga aylanishi mumkin bo‘lgan futbolchi — Yozua Kimmixdir. Tashqi ko‘rinishi ham, o‘yin uslubi ham Toni Kroosni eslatadigan bu futbolchida maydonni ko‘ra olish qobiliyati juda yaxshi rivojlangan. «Real»ning asosiy quroli hisoblangan Kroos va Modrich kabi futbolchilar keksayayotgan bir davrda 26 yoshli Yozua uchun «Real» mukammal yechim bo‘lishi mumkin. Kimmix 2014-yilda «Bavariya»dan Madridga o‘tib, jamoaning motorlaridan biriga aylangan Tonidan o‘rnak olsa, ajabmas.

  1. Nikolo Barella

Yana bir «Real» a’zosini eslatuvchi Nikolo yaqin kelajakda italian futbolining Modrichiga aylanishi kutilmoqda. Barella jismoniy jihatdan juda kuchli bo‘lmasa-da, maydondagi kuzatuvchanligi, sheriklarini yaxshi tushuna olishi bilan «Inter»da yaxshi muvaffaqiyatlarga erishdi.

Fede Valverde dastlab Modrichga o‘rinbosar sifatida ko‘rilgan bo‘lsa ham, urugvaylik ko‘proq Kazimeroning o‘yinini eslatishi Barellaning foydasiga xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, agar Yozua Kimmix ham «Real Madrid» transferiga aylansa, «yangi Modrich-Kroos» tandemidagi o‘yinlarni tomosha qilarmiz.

  1. Kilian Mbappe

Dunyoning eng qimmat futbolchisi «Kilian Mbappe va Madrid» ertagi Ronaldu klubni tark etganidan beri davom etadi.

Qirollik klubi muxlislari ham uzoq vaqtdan beri aynan fransuzning transferini talab qilishmoqda. Hujumning istalgan pozitsiyasida o‘ynay oladigan, tezkor va texnikali futbolchining o‘zi ham «blankos» libosini kiyishga qarshi emas.

Parijning «PSJ» klubi garchi futbolchini jamoada asrab qolishga uringan bo‘lsa-da, befoyda bo‘lmoqda. 160 mln yevroga baholangan futbolchining amaldagi shartnomasi 2022-yilgacha mo‘ljallangan. O‘z navbatida, Mbappe shartnomani uzaytirish takliflarini rad etmoqda. Agar «PSJ» shu transfer mavsumida futbolchini sotmasa, keying yil erkin agent sifatida tekinga Madridga o‘tib ketishi mumkin.

  1. Holand

Erling Holand — favqulodda iste’dod sohibi. Borussiya shahridagi qoyilmaqom o‘yinlari uning transfer narxini 130 mln yevrogacha ko‘tardi. Klassik markaziy hujumchi sifatida u «Real»dagi ko‘plab muammolarga yechim bo‘lishi mumkin.

To‘p bilan muomalada sovuqqon va madridcha hissiyotlarni namoyish etadigan futbolchiga xaridorlar ko‘p.

«Real»ning asosiy raqibi bo‘lgan «Barselona», hujumchilarga pul sarflashdan charchamaydigan «Chelsi», Serxio Agueroni yo‘qotgan «Manchester Siti» kabi jamoalar Holandni transfer qilmoqchi. Ko‘plab futbol mutaxassislari aynan Holand Madriddagi ancha yildan beri davom etayotgan klassik hujumchi tanqisligiga barham berishi mumkin va u Kiliandan ko‘ra afzalroq deyishmoqda.

Yaqin kelajakda qirollik klubi yangi davrni boshlashi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring