Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Magnus Karlsen va boshqa yulduzlar Samarqandga keladi

Magnus Karlsen va boshqa yulduzlar Samarqandga keladi

25-31 dekabr kunlari Samarqand shahri shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.

Kongress-markaz mezbonlik qiladigan yilning eng asosiy shaxmat musobaqasida qatnashish istagida bo‘lgan shaxmatchilar, FIDE tizimidagi rahbarlar, mulozimlar, hakamlarni ro‘yxatdan o‘tkazish 11 dekabrgacha uzaytirildi. Besh kunlik jahon chempionati dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini qo‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida jamlaydi. 

E’tiborga molik jihati shundaki, Samarqandga blits va rapid bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, norvegiyalik afsonaviy shaxmatchi Magnus Karlsen ham keladi. Shuningdek, Gukesh Dommaradju (Hindiston), Vinsent Keymer (Germaniya), Shaxriyar Mamediyarov (Ozarbayjon), Yan-Kshishtof Duda (Polsha), Yu Yangi (Xitoy), Levon Aronyan (AQSh), Maksim Vashe-Lagrav (Fransiya), Daniil Dubov (Rossiya) singari sobiq jahon chempionlari ham O‘zbekistonga kelishlarini tasdiqlashgan. 

Tabiiyki, jahon yulduzlari qatorida rapid yo‘nalishida 2021 yilgi jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov Samarqanddagi nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini himoya qiladi. 

Ayollar zrtasidagi jahon chempionatida uch nafar amaldagi jahon chempionlari Samarqandga keladi: Szyuy Venszyun (Xitoy, klassik shaxmatda jahon chempioni), Tan Chjun’i (Xitoy, rapid yo‘nalishida jahon chempioni) va Bibisara Asaubayeva (Qozog‘iston, blits yo‘nalishida jahon chempioni). 

Shuningdek, sobiq jahon chempionlaridan Aleksandra Goryachkina (Rossiya), Katerina Lagno (Rossiya), Xampi Koneru (Hindiston), Xarika Dronavalli (Hindiston), Aleksandra Kostenyuk (Shveysariya) va boshqa ko‘plab taniqli ayol grossmeysterlar yurtimiz mezbonligida o‘tadigan jahon chempionatida dona surishadi.  

Tadbirlar ro‘yxati:

25 dekabr — Jahon chempionatining ochilish marosimi

26-28 dekabr — Rapid bo‘yicha turnir

29-30 dekabrya — Blits bo‘yicha turnir hamda yopilish marosimi

Ma’lumot uchun, rapid va blits bo‘yicha FIDE jahon chempionati 2012 yildan beri muntazam o‘tkazib kelinadi. Erkaklar o‘rtasida blits va rapid yo‘nalishida Magnus Karlsen amaldagi jahon chempioni hisoblanadi. Ayollarda esa Tan Chjun’i (Xitoy) rapid, Bibisara Asaubayeva (Qozog‘iston) esa blits yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lib turibdi. 

Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSh dollarini tashkil etadi. Umumiy summadan 700 000 dollari erkaklar, 300 000 dollari esa ayollar o‘rtasidagi musobaqa g‘olib va sovrindorlari o‘rtasida mukofot puli sifatida taqsimlanadi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring