Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maradonaning merosi uchun kurash boshlandi

Maradonaning merosi uchun kurash boshlandi

Foto: «Tass.ru»

25-noyabr kuni vafot etgan Argentina sobiq futbolchisi Diyego Maradonaning qarindoshlari sportchining merosi uchun kurashga kirishdi. Bu haqda «The Sun» nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, nizoga kamida 16 kishi aralashmoqda. Ular orasida argentinalik futbolchi tan olgan beshta bola va ushbu maqomga da’vogarlik qilayotgan yana yetti kishi bor. Bundan tashqari, Maradona merosining bir qismini olishga uning to‘rt singlisi ham umid qilmoqda.

Aniqlik kiritilishicha, Argentina qonunchiligiga binoan, vasiyat bo‘lmasa, Maradona rasman tan olgan farzandlar marhumning boshqa bolalariga nisbatan ustunlikka ega bo‘lmaydi. Faqat tan olinmagan bolalar chindan ham Maradonaning farzandlari ekanligini isbotlashiga to‘g‘ri keladi.

7-dekabr kuni Maradona har oyda 10 milliondan Argentina pesosini (100 ming yevrodan ortiq) sarflagani ma’lum bo‘ldi. Bu pulni sportchi yaqin odamlariga ishlatgan. Maradona 50 ga yaqin oilani boqib kelgani aytilmoqda: ular orasida Argentinadagi va chet eldagi qarindoshlari va do‘stlari bor.

Maradona 60 yoshida vafot etdi. O‘limiga yurak yetishmovchiligi tufayli kelib chiqqan o‘tkir o‘pka shishishi sabab bo‘ldi. Politsiya uning shaxsiy shifokori, shuningdek, Maradonaning o‘lim kuni uyida navbatchilik qilgan hamshiradan gumon qildi.

Maradona «Barselona», «Napoli» va «Nyuells Old Boyz» jamoalaridagi o‘yinlari bilan tanilgan. Argentina terma jamoasi tarkibida u 1986-yilda jahon chempioni bo‘lgan. Maradona futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring