Messi va futbol tarixini o‘zgartirib yuborgan VHS videokassetasi
Rosariolik yulduz Ispaniya terma jamoasida o‘ynashi mumkin edi, ammo birgina videoyozuv uning taqdirini butunlay o‘zgartirib yubordi.
Messining Argentina terma jamoasi safidagi afsonaviy davri bugun – Benninga qarshi o‘rtoqlik o‘yini bilan o‘z yakuniga yetadi. Leo allaqachon «albiseleste» timsoliga, argentinaliklar hamda barcha futbol muxlislari xotirasida abadiy saqlanib qoladigan afsonaga aylanib ulgurdi.
Lionel Andres Messi Argentinaning Rosario shahrida tug‘ilgan. Biroq agar u Ispaniya terma jamoasida o‘ynashni tanlaganida, uning taqdiri boshqacha kechishi ham mumkin edi. Bu ilmiy-fantastik taxmin emas, balki oddiy VHS videokassetasi tufayli yo‘qqa chiqqan real voqea edi.

2003 yilning dekabr oyida 16 yoshli Leo Messi «Barselona»ning yoshlar jamoasi (Juvenil A) o‘yinchisi bo‘lib, Portudagi o‘rtoqlik o‘yinida asosiy jamoa safida endigina debyut qilgan edi. Uning jamoadoshlari (Pike, Sesk va Viktor Vaskes) muntazam ravishda Ispaniya yoshlar terma jamoalarida to‘p surishar va uni o‘z saflariga qo‘shilishga ko‘ndirishardi.
Yosh Leo esa o‘zini 100 foiz argentinalik his qilar va faqat o‘z milliy jamoasida o‘ynashni xohlardi. Lekin muammo shundaki, u 13 yoshidayoq «Nyuells»ni tark etgani bois vatanida uni hech kim tanimasdi va «Albiseleste»ning yoshlar jamoalariga biror marta ham chaqirilmagan edi.
Shunda Leoning otasi klub matbuot xizmati xodimiga murojaat qiladi: «Xayme, bizga Messi “Barselona”da o‘ynayotgan va gollar urayotgan kadrlar aks etgan video kerak. Chunki uni vatanimizda hech kim tanimaydi, sen esa u kim ekanligini ularga tushuntirishda yordam berishing kerak».

Xorxe Messining iltimosi bajariladi: Barça TV tomonidan VHS kassetaga yosh iste’dod egasining reydlari va gollari jamlangan to‘plam muhrlanadi. Endi bu yozuvni Argentina federatsiyasidagi mas’ul shaxslarga yetkazish qolgan edi. Bu imkoniyat 2003 yil 27 dekabrda Argentina terma jamoasi Kataloniyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini uchun Barselonaga kelganida tug‘ildi.
Argentina terma jamoasi joylashgan «Princesa Sofía» mehmonxonasida videokasseta o‘sha paytdagi bosh murabbiy Marselo Belsaning yordamchisi Nelson Vivasga topshiriladi, u esa uni Belsa bilan birga ko‘radi.
Belsa o‘z ko‘zlariga ishonmasdi: «Videoni odatiy tezlikda qo‘y, bunday tezlikda ko‘rib bo‘lmaydi».
Vivas esa video joyida ekanini aytadi. Gap shundaki, kichkina Leoning o‘ta yuqori tezligi shunday tushunmovchilik keltirib chiqargan edi.
«U fenomen, bu bolaga shunchalik tez harakat qilishni kim o‘rgatgan?» – Belsa hayratini yashira olmaydi.
Argentina jamoasi vataniga qaytadi va Vivas videokassetani Argentinaning 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi murabbiyi Ugo Tokalliga quyidagi so‘zlar bilan topshiradi: «Bu o‘yinchini boy bermang, argentinalik va futbol muxlisi sifatida sizdan o‘tinib so‘rayman».
Dastlab Tokalli bunga unchalik e’tibor qaratmaydi va Finlyandiyada bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga olib ketiladigan tarkibdan biror futbolchini chiqarib tashlashni istamaydi.
Biroq Finlyandiyadagi turnirning yarim finalida Ispaniya Argentinani mag‘lub etadi. Har ikki jamoa bitta mehmonxonada yashagan va Ispaniya jamoasi oshpazi Tokalliga murojaat qilib shunday degan edi: «Agar sizda “Barselona”da o‘ynaydigan o‘sha yigit bo‘lganida, bu jamoa bilan chempion bo‘lardingiz...»
Tokalli undan Leo Messini nazarda tutyapsizmi, deb so‘raydi. Bunga javoban oshpaz hayratda qoladi: «Nima? Uni bila turib olib kelmadingizmi?!»
Tokalli shunchaki tarkibni o‘zgartirishni istamagan edi, ammo sodir bo‘lgan voqealardan keyin u videokassetadagi yozuvni qayta ko‘rib chiqadi. Argentinaga qaytgach, Argentina futbol assotsiatsiyasi xodimiga Leoni jamoaga jalb etish uchun uning oilasi bilan bog‘lanishni buyuradi.
Bu vazifa Omar Soutoga yuklangandi. U Rosariodagi barcha Messilarni qidirib, telefon kitobini varaqlaydi. Qidiruv paytida u Leo ismining qisqartmasi deb o‘ylab, dastlab Leonardo ismli shaxslarni surishtiradi. Nihoyat, Leoning buvisi Seliya, so‘ngra tog‘asi bilan bog‘lanadi va ular orqali futbolchining otasi Xorxe Messini topadi.
Ota telefon suhbatida quvonchdan hayqirib yuboradi: «Ha, u Lionel! Nihoyat uni chaqirishibdi-da! O‘g‘lim Argentina uchun o‘ynashni juda ham xohlaydi!»
Argentina futbol assotsiatsiyasi «Barselona»ga terma jamoaning rasmiy chaqiruv xatini yuboradi. Qizig‘i, unda futbolchining ismi «Leonel Mechchi» deb xato yozilgan edi. Ular hatto uning ismini qanday to‘g‘ri yozishni ham bilishmasdi. Shu tariqa ular kelajakda Argentina va jahon futboli tarixida Maradonaning vorisiga aylanadigan ulug‘ o‘yinchini milliy jamoaga chaqirishgan edi.

2004 yil iyunda 17 yoshli Messi Argentinaning 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar terma jamoasi safida Paragvayga qarshi bahsda debyut qiladi. Yakunda uning fenomenal o‘yinlari evaziga Argentina yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida zafar quchadi. U finalda jamoasining ikkita goliga ham mualliflik qiladi, turnir to‘purari va eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ladi.
Ispaniya federatsiyasi ham bu o‘smirni «roxita» futbolkasida ko‘rishdan juda manfaatdor edi, ammo Leoning o‘z vataniga sadoqati va oddiy VHS videokassetasining ijobiy ta’siri uning taqdirini butun umrga «Albiseleste» bilan bog‘ladi.
Uning gollari, sovrinlari va qoldirgan ulkan merosi abadiydir. Ammo o‘sha kichik videotasma va Xorxe Messining tashabbusi bo‘lmaganida, futbol tarixi hozir butunlay boshqacha tarzda yozilgan bo‘lar edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter