Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Milan derbisi boshlanishiga sanoqli daqiqalar qoldi: Superkubok oldidan nimalar ma’lum?

Milan derbisi boshlanishiga sanoqli daqiqalar qoldi: Superkubok oldidan nimalar ma’lum?

Bugun, 18-yanvardan 19-yanvar o‘tar kechasi Saudiya Arabistonida Italiya superkubogi uchun A seriyaning amaldagi chempioni «Milan» hamda Italiya kubogi sohibi «Inter» o‘rtasidagi o‘yin boshlanadi.

«Derby della Madonnina» ham deya ataluvchi Milan derbisi, ikki grand to‘qnashuvi uzoq vaqt esda qolarli o‘yin bo‘lishi kutilmoqda.

Toif shahridagi Podshoh Fahd nomidagi stadionda o‘yin bizning vaqt bilan soat 00:00 da boshlanadi. «Sport» telekanali o‘yinni jonli efirga uzatadi.

Ushbu o‘yinda raqib-jamoalar jami 7,5 million yevro ishlaydi, shundan 10 foizi A seriya g‘aznasiga ketadi, qolgan pul jamoalar o‘rtasida taqsimlanadi — g‘olib 500 ming yevro ko‘proq oladi.

Milan derbisining tarixi boy. Jamoalar rasmiy turnirlarda o‘zaro 200 martadan ko‘proq to‘qnash kelgan va bir-birlarining darvozalariga qariyb 600 ta gol urgan. Biroq ular Italiya superkubogida bor-yo‘g‘i ikkinchi marta to‘qnashmoqda!

A seriyaning o‘tgan ikki mavsumida raqiblar quvlashmachoq o‘ynashdi. 2020/21 mavsumida «Inter», keyingisida «Milan» skudettoni o‘ziniki qildi. Biroq bu mavsum boshqacha manzara: «Napoli» eng yaqin ta’qibchisi «Milan»dan 9 ochko ilgarilab ketib, karvonboshilik qilmoqda, «Inter» esa «Yuventus»ni o‘tkazib yuborib, to‘rtinchi pog‘onada ilinib turibdi.

JCh-2022 tanaffusidan «Milan» lanjroq qaytdi, «Roma» va «Lechche»ga qarshi o‘yinlarda durang o‘ynadi, Italiya kubogi uchun kurashdan esa chiqib ketdi. Uzoqlashib borayotgan skudetto Superkubokni qo‘lga kiritish uchun rag‘bat berishi mumkin.

«Inter» o‘tgan yili «Yuventus»ni yengib, Superkubokni egalladi va uni eng ashaddiy raqibiga osonlikcha berib qo‘ymasa kerak. Qo‘shimcha vaqtlarda «Parma»ga urgan goli sabab Kubok uchun kurashda davom etmoqda. Lukakuning jarohat olgani yaxshi bo‘lmadi, biroq u bu mavsum «Inter» libosida atigi 7 marta maydonga tushganligi nuqtai nazaridan, o‘rni ko‘p bilinmasa kerak.

Qizig‘i, «Inter» bosh murabbiyini Lukakuning yo‘qligi emas, balki jamoa mehmonxonasi o‘zgargani ko‘proq tashvishlantiryapti. Indzagi faoliyati davomida uch marta Superkubokni yutgan, shulardan ikkitasi aynan Saudiya Arabistonida qo‘lga kiritilgan, jamoa har safar bitta mehmonxonada turgan. Biroq bu gal boshqa mehmonxona berilganini bilgach, Indzagining qoni qaynadi. Bu «Inter»ga, umuman, finalga ta’sirini o‘tkazadimi — ko‘ramiz. Sanoqli daqiqalardan so‘ng.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring