Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Monjuik»da gollar otishmasi, hammasi «Juzeppe Meatssa»da hal bo‘ladi

«Monjuik»da gollar otishmasi, hammasi «Juzeppe Meatssa»da hal bo‘ladi

Yevropa Chempionlar ligasi yarim finali dastlabki bahsida «Barselona» o‘z maydonida «Inter»ni qabul qildi, o‘yinda 3:3 hisobidagi jangovar durang qayd etildi.

Uchrashuvning ilk daqiqasidayoq Tyuramning goli evaziga hisobni ochgan Indzagi shogirdlari 21-daqiqaga kelib Dyumfrisning goli evaziga farqni ikkitaga yetkazdi. Ammo oradan 3 daqiqa o‘tib Lamin Yamal supergoli bilan hisobni qisqartirdi. 38-daqiqada Pedrining shedevr uzatmasini Rafinya qabul qilib olib, Ferran Torresni juda qulay vaziyatga chiqarib berdi, «akula» esa hisobdagi muvozanatni tikladi. 

Uchrashuvning 64-daqiqasida Dyumfris burchak to‘pidan bosh bilan gol kiritib yana mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan bir daqiqa o‘tib «Barselona» ham burchak zarbasini ijro etdi, to‘pni qabul qilgan Rafinyaning olisdan yo‘llagan ajoyib zarbasidan so‘ng to‘p darvoza to‘siniga tegib qaytdi va Zommerga tegib yana darvoza to‘ridan joy oldi — 3:3.

Ushbu bahsda ikkala jamoada ham yo‘qotishlar bo‘ldi. Dastlab mezbonlar safida Kunde birinchi taymda jarohat olib o‘rinini Erik Garsiyaga bo‘shatib bergan bo‘lsa, milanliklar safida jamoa sardori Lautaro Martines jarohat olib maydonni erta tark etdi. 

Javob uchrashuvi 6-may kuni Milandagi «Juzeppe Meatssa» stadionida bo‘lib o‘tadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring