Neymarni haqorat qilgan futbolchi ikki milliondan ortiq tahdidli xabar oldi
Fransiyaning «Marsel» klubi futbolchisi Alvaro Gonsales «PSJ»ga qarshi o‘yin (1:0)dagi Neymar bilan janjalining dahshatli oqibatlarini so‘zlab berdi.
«WhatsApp orqali ikki milliondan ortiq tahdidli xabarlar oldim. Bunaqasi bo‘lmagan. Har xil tillarda tahdid qilishdi. Oilamiz foydalanuvidagi mashina suratiniyam jo‘natishdi. Uyimga kelib, o‘ldirib ketishlarini aytishdi. Ota-onam ishlaydigan do‘konni qidirib topib, ularni o‘ldirishmoqchi ekanliklarini bildirishdi. Juda qo‘rqib ketdim, hech qachon bunaqa vaziyatga tushmaganman. Neymar o‘z xatti-harakatlari nimalarga olib kelishini anglab yetmayapti deb o‘ylayman. Mendan xavotirlangan ota-onam yonimga yetib kelishdi. Biz juda yomon ahvolga tushdik», — futbolchining so‘zlarini keltirmoqda «SportBuzz».
Eslatib o‘tamiz, «Marsel» — «PSJ» o‘yini ommaviy mushtlashuvga aylanib ketib, besh futbolchi, xususan, Gonsalesning boshiga musht tushirgan Neymar maydondan chetlatilgan edi. Braziliyalik yulduz o‘z qilmishini raqibi bir necha marta irqiy mazmunda haqorat qilgani bilan izohlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter