Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nodirbek Abdusattorov Chexiyada sovrindor bo‘ldi

Nodirbek Abdusattorov Chexiyada sovrindor bo‘ldi

Shaxmat bo‘yicha Chexiyaning Praga shahrida tashkil etilgan xalqaro turnir o‘z yakuniga yetdi. Shveysarcha tizimda o‘tkazilgan musobaqada dunyoning 8 ta davlatidan 10 nafar grossmeyster ishtirok etdi. Ular safida hamyurtimiz, rapid yo‘nalishi bo‘yicha eng yosh jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ham g‘oliblik uchun dona surdi.

8-turdan keyin Nodirbek 5,5 ochko jamg‘argan holda peshqadamlar safidan joy olib turgandi. Hal qiluvchi 9-turda u slovakiyalik Pexas Jergus bilan durang o‘ynadi. Bundan esa Germaniya vakili Vinsent Keymer hamda amerikalik Xans Niyemann unumli foydalanib qolishdi. Ular o‘z raqiblari ustidan g‘alabaga erishdi va Abdusattorovni 0,5 ochkoga ortda qoldirdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra Keymar 6,5 ochko bilan musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi. AQSh vakili Xans Niyemann ham shuncha ochko jamg‘ardi, ammo qo‘shimcha koyeffisiyentlarga ko‘ra Germaniya vakili 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi.

9 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘argan Nodirbek Abdusattorov esa kuchli uchlikka yakun yasab berdi.

Nodirbek Abdusattorov avvalroq BAAda bo‘lib o‘tgan Xalqaro «5th Sharjah Masters 2022» shaxmat turnirida chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, yosh shaxmatchimiz o‘tgan yili Varshavada shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlarida jahon chempioni bo‘lgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring