Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tkazib yubormang! Bugun UEFA superkubogi: «Bavariya» — «Sevilya», Budapesht

O‘tkazib yubormang! Bugun UEFA superkubogi: «Bavariya» — «Sevilya», Budapesht

Foto: «CBS Sports»

Bugun, 24-sentyabr oqshomida (Toshkent vaqti bilan soat 00:00da) Budapeshtda UEFA 45-Superkubogi uchun bahs boshlanadi: Chempionlar ligasi g‘olibi «Bavariya» — Yevropa ligasi kubogi sohibi «Sevilya»ga qarshi.

Har ikki klub UEFA superkubogini bir martadan qo‘lga kiritgan: «Bavariya» — 2013-yilda, «Sevilya» — 2006-yilda. Jamoalar o‘zaro bir marta to‘qnash kelishgan: UEFA Chempionlar ligasi 1/4 finalida (2017/18) myunxenliklar safarda 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgan, javob o‘yinida darvozalarga gol kiritilmagan.

Boshlanib ketgan Germaniya chempionati yangi mavsumini ham qo‘shganda, «Bavariya»ning g‘alabali seriyasi 22 ta o‘yinga yetdi, «Sevilya» esa 21 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchragan emas, ammo Primerada bironta o‘yin o‘tkazgani yo‘q.

1-oktyabr kuni «Bavariya» va «Sevilya» Chempionlar ligasi 2020/21-yilgi mavsumi uchun qur’a tashlash marosimida qatnashadi. Ularning yaqin orada to‘qnashish ehtimoli yo‘q, chunki ikkalasi ham birinchi savatdan o‘rin olgan.

O‘yin atrofida

O‘yinning ahamiyatli yana bir jihati, Budapeshtdagi «Pushkash Arena»ga tomoshabinlarning kiritilishidir. Ushbu holat yuzasidan turli qarama-qarshi fikrlar bildirilyapti.

Masalan, Bavariya federal yeri rahbari Markus Zyoder, «Bavariya» menejer-murabbiyi Hans-Diter Flik tomoshabinlarning stadionga qo‘yilishini tanqid qilishdi. Nemis muxlislari ham Budapeshtga yopirilib kelayotgani yo‘q.

«Superkubok tomoshasiga kelganlar Germaniyaga qaytishlari bilan karantinga olinishlari aniq, — deydi «Bavariya»ning Vengriyadagi fan-klubi yetakchilaridan biri Laslo Mayer. — Bundan tashqari, Vengriyaga kelishda va qaytishda juda ko‘plab testlar topshirish boshog‘riqqa aylanadi. Shuning uchun ham ko‘plar safarni bekor qildi. O‘ylashimcha, Germaniyadan bir necha yuz muxlis keladi».

«Pushkash Arena»ga 20 ming tomoshabin kiritilishiga ruxsat berilgan. Hamma niqob taqishi, oraliq masofani saqlashi shart.

«Pushkash Arena» Foto: «Spravy.sk»
«Pushkash Arena» Foto: «Eurosport»

Ushbu o‘yinni UEFA tomonidan o‘tkazilayotgan o‘ziga xos tajriba deyish ham mumkin: bahor faslidan beri ilk marta xalqaro o‘yin tomoshabinlar ishrokida o‘tadi. Koronavirusning ikkinchi to‘lqini ancha kuchli kelgan Vengriyada yashovchilarning aksariyati esa bunday tadbirning o‘tkazilishini o‘ta tavakkalchilik deb hisoblashmoqda.

UYeFA Superkubok uchun Budapeshtni tanlagan 17-iyunda mamlakatda faqat bir insonda koronavirus aniqlangandi, kuni kecha 951 nafar kovid-bemor qayd etildi. Ammo qaror o‘zgarmadi, futbol bo‘ladi, tomoshabinlar keladi.

Biz esa diqqatni ekranga jamlaymiz: bugun kechasi, soatning barcha millari qoq tepaga ko‘tarilganida Yevropaning eng kuchli klubini aniqlovchi o‘yinga start beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring