Ravshan Ermatov tanqidiy maqolalar kamayganidan xursand ekanini bildirdi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov OAV vakillari bilan bo‘layotgan uchrashuv davomida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Avval tanqidiy maqolalar ko‘p bo‘lardi, kishini quvontiradigan tomoni endilikda tahliliy maqolalar ko‘proq chiqmoqda. Bu esa bizga katta yordam beradi.
Jurnalistlar fikrini o‘rganish va futbolga tadbiq etish bizning maqsadimiz. Oxirgi vaqtlarda intervyu haqida takliflar ko‘p bo‘ldi. Ammo hozir muammolar ko‘p, ish ko‘p. Shu sababdan kim bilandir uchrashib, kim bilandir ko‘risha olmasak, bu adolatdan emas, deb o‘yladik. Barcha bilan birdek ko‘rishish uchun matbuot anjumani tashkil etishga qaror qildik.
Men uchun bu yerda o‘tirishdan ko‘ra maydonda bo‘lish osonroq, deb aytgan edim. Bu gaplarim samimiy aytilgandi. Bu yerga Prezidentimiz ishonchi bilan keldim va bu ishonchni oqlashga harakat qilaman.
Menga OFK va FIFA tomonidan og‘ir o‘yinlar ko‘p ishonib topshirilgan. Men o‘zimga bildirilgan ishonchni oqlashga har doim harakat qilganman.
Hozir og‘ir vaqt. Jiddiy va mas’uliyatli vazifalarni ko‘rib bir chetda tomoshabin bo‘lib turish futbolni yaxshi ko‘rgan, vatanparvar odamga hos emas.
Futbolimizda adolat o‘rnatish eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lib turganini hammamiz yaxshi bilamiz. Prezidentimiz hamma sohada adolat o‘rnatayotgan vaqtda o‘zi shundoq ham zo‘rg‘a nafas olib turgan futbolda bu ishni qilmaslikka kimning haqqi bor? Agar adolatni joy-joyiga qo‘ysak, bundan o‘zbek futboli yutadi.
Men tushunaman, futbol - xatolar o‘yini. Biz tushunamiz, hakamlar ham, futbolchilar ham har bir o‘yinda adashishi mumkin. Ammo eng muhimi, bu xatolar ataylab amalga oshirilmasligi lozim.
Hozir bizda kelishilgan o‘yinlar va totalizatorni aniqlash bo‘yicha bo‘lim juda faol ish olib bormoqda. Futbolga zarar keltirgan yaxshimi yoki futbolni birinchi o‘ringa qo‘yib, muxlislar mehrini qozongan yaxshimi? Men o‘ylaymanki, futbolda faoliyat olib borayotgan odamlar ikkinchisini tanlaydi.
Futbolning asosini murabbiy va futbolchilar tashkil etadi. Biz esa shunchaki xizmatchimiz. Agar biz ularning xizmatini o‘z o‘rniga qo‘ya olsak, murabbiy va futbolchilar ham ikki barobar kuch bilan harakat qiladi», — deydi Ravshan Ermatov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter