Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ronaldu o‘yindan so‘ng o‘zini tutib turolmadi va...

Ronaldu o‘yindan so‘ng o‘zini tutib turolmadi va...

Angliya chempionatining 32-turida «Manchester Yunayted» jamoasi «Everton» mehmon bo‘lgan va kichik hisobda yutqazgan o‘yindan keyin hujumchi Krishtianu Ronaldu o‘z hissiyotlarini jilovlay olmagan.

U kiyinish xonasiga yo‘l olgan paytda muxlislardan biri uni o‘z telefoni orqali tasvirga olayotgan bo‘lgan. Shunda futbolchi jahlini boshqarolmay, muxlisning qo‘liga urib, telefonini sindirib yuborgan. Keyinchalik aniqlanishicha, u muxlis autizm kasalligiga chalingan 14 yoshli bolakay edi.

Ma’lum bo‘lishicha, bolaning ismi Jey Xarding, u stadionga onasi bilan borgan va umrida birinchi marta o‘yinga tushgan. Onasining aytishicha, ular kiyinish xonasiga kirib ketadigan tonnel yaqinida bo‘lishgan va shuning uchun bola o‘z kumirini suratga ola boshlagan.

«U telefonini pastroq qo‘ydi, chunki Ronaldu getrasini tushirish uchun egilgandi, oyog‘i qonayotgan edi. O‘g‘lim telefonni yaqinroq tutdi. Ronaldu jahl bilan o‘rnidan turib, o‘g‘limning qo‘liga urib, indamay ichkari kirib ketdi», deb gapirib bergan bolaning onasi.

Bola autizm va dispraksiya kasalligiga chalingan bo‘lib, Ronalduni ko‘rish uchun ushbu o‘yinga borgani aytilgan. Politsiya holatni o‘rganishni boshlagan.

Keyinroq Krishtianu uzr so‘rab chiqqan: «Og‘ir damlarda hissiyotlarni boshqarish osonmas. Lekin o‘yinimizni yoqtiradigan yoshlarga nisbatan hurmatda, sabrli va namuna bo‘lishimiz kerak. Men o‘z qilmishim uchun kechirim so‘rayman», degan Ronaldu.

Futbolchi adolat qaror topishi va sport prinsiplariga amal qilgan holda bolakayni «Old Trafford»ga taklif qilgan. Klub ma’muriyati Ronaldu uzr so‘rab chiqqach, uni jazolashdan bosh tortgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring