Shaxmat: havaskorlar o‘rtasida birinchi onlayn chempionatning ilk g‘olibi aniqlandi

Karantin davrida aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yurtdoshlarimiz orasida shaxmatni yanada rivojlantirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan havaskorlar o‘rtasida birinchi onlayn O‘zbekiston chempionatiga ham start berildi.
«Uyda qol va g‘alaba qozon» shiori ostida o‘tkazilayotgan musobaqada ishtirok etish uchun shu kungacha ikki mingdan ortiq havaskor shaxmatchi ro‘yxatdan o‘tishgandi. Kecha boshlangan dastlabki kungi musobaqada ularning katta qismi g‘oliblik uchun dona surishdi, ammo ba’zilar turnir boshlanganini unutib qo‘yishdimi boshqa sabab bilanmi bahslarda ishtirok etishmadi.
11 may kungi turnirda g‘oliblik samarqandlik Jamshid Tohirovich Mustafoyevga nasib etdi. 1991 yilda tug‘ilgan ushbu havaskor shaxmatchi eng yaxshi natija bilan birinchi onlayn O‘zbekiston chempionatining dastlabki chempioniga aylandi. U 3 million so‘m hamda shaxmat bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida birinchi onlayn O‘zbekiston chempionati g‘olibi diplomi bilan taqdirlanadi.
Aziz yurtdoshlar, shaxmat bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida birinchi onlayn O‘zbekiston chempionati 20 mayga qadar davom etadi. Agarda siz dastlabki turnirlarda ro‘yxatdan o‘tib, musobaqada ishtirok etolmagan bo‘lsangiz, sira ham afsuslanmang. 20 mayga qadar ro‘yxatdan o‘tishingiz va darhol musobaqada ishtirok etishni boshlashingiz mumkin. Demak, hali ham kech emas va musobaqada ishtirok etishga shoshiling!
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter