Shaxmatchilarimiz jahon chempionatini g‘alaba bilan boshlashdi
Braziliyaning Florianopolis shahrida 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionatining dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Jahon chempionatining 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi 1-tur bahsida Afruza Hamdamova niderlandiyalik Anna Blauxut bilan kuch sinashdi. Oq donalarda bahsga kirishgan hamyurtimiz raqibini qiyinchiliksiz mag‘lubiyatga uchratdi.
14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqada ishtirok etgan shaxmatchimiz Javohir Bozorov ilk turda Xitoy taypeyilik Chen Yuy Chenni dog‘da qoldirdi.
Ushbu yosh toifasining qizlar bahsida ishtirok etayotgan Nilufarxon Imomqo‘ziyeva qora donalarda braziliyalik Mariya Eduard bilan ro‘baro‘ keldi va o‘yin shaxmatchi qizimizning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Bugun 2-tur bahslarida Hamdamova qora donalarda Slovakiya terma jamoasi a’zosi Novomeska Karin bilan, Bozorov ham qora donalarda latviyalik Reynis Valdatis bilan, Imomqo‘ziyeva esa oq donalarda meksikalik Telles Fukusima bilan bahslashadi.
Eslatib o‘tamiz, 10 noyabrga qadar davom etadigan jahon chempionatida 62 ta davlatning 527 nafar shaxmatchisi g‘oliblik uchun kurashga kirishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter