Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shohjahon Ergashev: «Biz — o‘zbeklar bir-birimizga raqib emasmiz»

Shohjahon Ergashev: «Biz — o‘zbeklar bir-birimizga raqib emasmiz»

Foto: «Round By Round Boxing»

Professional bokschi Shohjahon Ergashev 12-yanvar kuni Nyu-York shahrida amerikalik Soni Fredriksonga qarshi ringga ko‘tarilib, o‘zining o‘n ikkinchi g‘alabasiga erishgani haqida xabar bergan edik.

U ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng, Jahon boks uyushmasi (WBA) reytingida 12-pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Yengil vazn toifasida yuqorilagan Shohjahon bilan O‘zA muxbiri suhbatlashdi.

— Shohjahon bilamiz siz tezkor g‘alabalarga intilasiz. Hozirgi so‘zingizga qaraganda chempion bo‘lishga shoshayotgandaysiz?

— Ha, tezkor g‘alabalarni xush ko‘raman. Shoshayotganim yo‘q, faqatgina nimalarga qodir ekanimni dunyoga tezroq bildirib, O‘zbekistonimiz sharafini yanada yuksaltirmoqchiman.

— Dunyoda muxlislaringiz ko‘p. Lekin ular orasida Shohjahon faqatgina kuchsiz raqiblar tanlaydi va g‘alaba qozonadi. Tajribali bokschilar bilan jang qilsa mag‘lubiyatga uchraydi, degan gap-so‘zlar uchrab turmoqda. Bu haqdagi fikringiz qanday?

— Bunday gaplar mening muxlislarimdan chiqmaydi! Balki g‘alabali odimlarimni ko‘ra olmayotgan insonlardan chiqadi. Bu gap-so‘zlarni o‘zim ham eshitganman. Lekin e’tibor bermayman va ularning bu safsatalariga chempion bo‘lib javob qaytaraman. Professional boksda hech qachon oson raqib bo‘lmaydi.

— Shohjahon agarda chempionlik kamari uchun o‘tadigan jangda hamyurtimizga qarshi tushib qolsangiz, unga qarshi ringga ko‘tarilasizmi?

— Men bu kamardan voz kechib, jangga chiqmas edim. Biz sportchilarning maqsadimiz Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga tanitishdir. Bir-birimizga raqib emasmiz.

— Rejalaringiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

— Men yaqin kunlarda Amerikaga boraman va navbatdagi jangimga tayyorlanaman. To‘g‘ri, hozir menga kim raqib bo‘lishini bilmayman. Biroq doimo yangi marralarni zabt etish uchun tinimsiz mehnat qilaman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring


    Izohlar mavjud emas