Shohjahon Ergashev Osiyo va olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi

Professional boksda «WBA International» kamari sohibiga aylangan Shohjahon Ergashev Milliy olimpiya qo‘mitasida mehmon bo‘ldi.
MOQ rasmiy saytida yozilishicha, sportchini Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov qabul qilgan. Uchrashuvda MOQ rahbari bokschi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga, lozim bo‘lsa chiptadan tortib mehmonxona harajatlari masalalarida ham yordam berishga tayyor ekanligini, Shohjahondan esa faqat va faqat yurtimiz bayrog‘ini yuqorilarga ko‘tarib yurishini kutayotganligini ma’lum qildi.
Shuningdek, bokschiga Osiyo va olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish taklif qilindi. O‘z navbatida, Shohjahon ushbu taklifga jon-jon deb rozi bo‘lishini aytdi.
«Shohjahon Ergashevdek yigitlarimiz kam. Uning qayd etayotgan natijalarini amalga oshirish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Shohjahon shu yil Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga ham borishi kerak. Kerak bo‘lsa, u musobaqaning ochilish marosimida delegatsiyamiz bayroqdori vazifasini bajaradi. Kelajakda undan yanada yuksak natijalarni kutib qolamiz», – dedi Umid Ahmadjonov MOQ matbuot xizmatiga bergan intervyusida.
O‘z navbatida Shohjahon Ergashev o‘ziga bildirilayotgan ishonchni oqlashga, kelajakda bundan ham nufuzliroq kamarlarni qo‘lga kiritishga va’da berdi.
«Ko‘rsatilayotgan e’tibordan juda xursandman. Ochig‘i, bu men uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Nasib qilsa, o‘z vazn toifamdagi eng kuchli bokschini ham mag‘lubiyatga uchrataman va chempionlik kamarini qo‘lga kiritaman. Bunga oz qoldi, uzoq kuttirmayman. Ushbu kamarni qo‘lga kiritib, yurtdoshlarimni xursand qilmoqchiman», – dedi Shohjahon Ergashev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter