Trent Aleksandr-Arnold «Liverpul»ni tark etayotganini rasman e’lon qildi

«Liverpul» himoyachisi Trent Aleksandr-Arnold yozda jamoadan ketishini rasman e’lon qildi
«Bu mening hayotimdagi eng og‘ir qaror» – deydi Aleksandr-Arnold, o‘zining 20 yillik «Liverpul» sayohatini yakunlayotganini tasdiqlar ekan.
«Ko‘plar nima uchun hozirgacha sukut saqlaganimni tushuna olmagan bo‘lsa kerak. Lekin men doim jamoa manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ydim — bu esa 20-chempionlikni ta’minlash edi».
«Bu klub mening butun hayotim, butun olamim bo‘ldi. Akademiyadan tortib hozirgacha, klub ichida va tashqarisida menga bo‘lgan mehr va qo‘llab-quvvatlash har doim yodimda qoladi».
«Men hech qachon bundan boshqa muhitda bo‘lmaganman. Endi esa yangi chorlovga yuz tutish, o‘zimni ish va shaxsiy jihatdan yangi joyda sinovdan o‘tkazish vaqti keldi».
«Har bir kunimda bor kuchimni klubga bag‘ishladim. Umid qilamanki, sizlar ham mening bu yerdagi mehnatimni his qildingiz».
«20 yil mobaynida meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga – murabbiylar, jamoadoshlar, klub xodimlari va fantastik muxlislarga yuragimdan chuqur minnatdorchilik bildiraman».
«Men orzularimni shu klubda ro‘yobga chiqardim. Sizlar bilan birga kechirgan unutilmas lahzalarni hech qachon qadrsiz qilmayman. Mening bu klubga bo‘lgan muhabbatim hech qachon so‘nmaydi», – deya futbolchining so‘zlarini keltiradi Fabritsio Romano.
Ma’lumot uchun, angliyalik himoyachi «Liverpul» tarkibida 351 o‘yinda 26 gol urib, 93 assist qayd etgan va jamoa bilan barcha yirik titullarni qo‘lga kiritgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter